Sport | 18:40 / 25.01.2018
33859
3 daqiqa o‘qiladi

«Futbolga pul ajratadiganlar bor. Respublikadayam, tashqaridayam». Chempionat g‘oliblariga mukofot pullari to‘lanadi

O‘zbekiston futbol Assotsiatsiyasi rahbari Ochilboy Ramatov milliy chempionatda jamoalar uchun rag‘batlantiruvchi mukofot pullari joriy etilmaganiga e'tibor qaratdi.

U chempionatdagi klublarda rahbariyat klub oldiga yuqori o‘rinlarni egallash vazifasini qo‘ymasligi, faqat ligani tark etmasdan, o‘rtada yurish talab qilinishini tanqid qildi.

«Viloyatlar jamoalarini kuchaytirish kerak. Hozirda bu jamoalar ligadan chiqib ketmasak, bo‘ldi deb o‘ynaydi. Nisbatan kuchlilari ko‘pi bilan kuchli oltilikka kirishni maqsad qiladi. Men hamisha «Lokomotiv»ga birinchi bo‘lish talabini qo‘yganman. Boshqalar unday qilmas ekan.

Mana endi vodiydagi va vohalardagi kuchli jamoalar yo‘qolib ketdi.

Moliyaviy masalalarni yaxshilashga harakat qilamiz. Federatsiyada pul bo‘ladi. Bundan xavotir olmang. Biz futbol uchun pul topamiz. Biz birovning qo‘liga qarab o‘tiradigan odamlarga qarab qolmaganmiz.

Kerakli rag‘batlantirish ishlarini olib boramiz. Jamoa chempion bo‘ladi-yu, hech qanaqa pul olmaydi. Hech qayerda bo‘lmasa kerak bunaqasi. Mana, «Lokomotiv» O‘zbekiston chempioni, pul olgani yo‘q. Mayli, «Lokomotiv»ga pul kerak emas, puli ko‘p (kuladi).

Gap puldamas, lekin arzisa, pul berish kerak, to‘g‘rimi? Buni tartibga solamiz va bajaramiz.

Klublarda intilish bo‘lishi kerak. Ular sovrindor bo‘lishga, mukofot pullari olishga intilishi kerak», degan O‘FAning yangi rahbari.

Uning qo‘shimcha qilishicha, davlat futbolga pul ajratadi.

«Hammasini yo‘lga qo‘yamiz. Davlatdan pul so‘rasak, beradi. Qolaversa, futbolimizga yordam berishga tayyor do‘stlarimiz bor. Respublikadayam, tashqaridayam. O‘zbeklarni, O‘zbekistonni yaxshi ko‘radiganlar bor. Gap yuz millionlab dollarlar haqida emas. Lekin, o‘ziga yarasha pul topiladi», deya Ramatovning so‘zlarini keltirgan «Tribuna» muxbiri.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid