Sport | 12:34 / 25.01.2018
40584
2 daqiqa o‘qiladi

«Men hammasini bilaman». Ochilboy Ramatov o‘zbek futbolida katta islohotlar o‘tkazmoqchi

Bugun, 25 yanvar kuni Hyatt Regency Tashkent mehmonxonasida O‘zbekiston futbol federatsiyasining navbatdan tashqari konferensiyasi tashkil etildi.

Endilikda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining yangi rahbariga aylangan Ochilboy Ramatov o‘zbek futbolining hozirgi ahvoli yuzasidan tanqidiy fikrlarini bildirib o‘tdi.

«Futbolni ko‘tarib, xalqimizning ko‘nglini ko‘tarishimiz kerak.

Osiyo chempionatida yosh futbolchilarimiz finalga chiqishi ushbu sohada yaxshi o‘zgarishlar bo‘layotganini ko‘rsatmoqda. Bu birinchi natijalarimiz.

Endi avvalgidek ishlamaymiz. Endi kim tarkibga kirishini kimdir telefon qilib belgilab bermaydi. Bu bo‘yicha ishlab, hammasini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yishimiz kerak. Endi avvalgidek o‘yinlar ketmaydi.

Endi hech kim tarkibni tanlashga ta'sir o‘tkazmaydi, hech kim qo‘ng‘iroq qilishga, talab qo‘yishga haqli emas. Hozircha boridan foydalanamiz. Keyinroq tub islohotlar o‘tkazamiz.

Bizda yaxshi murabbiy yo‘q, murabbiylarga yaxshi to‘lanmasa ish bo‘lmaydi. Endi avvalgidek o‘z ishtiyoqi bilan ishlaydigan murabbiylar yo‘q. Bori ham keksayib qoldi.

Murabbiy yosh futbolchilarning ota-onalari bergan 5 so‘m pul hisobiga yashaydi. Bu borada vaziyat qandayligini yaxshi bilaman. O‘zim shu sohani ichidan chiqqanman. «Lokomotiv» klubi meniki. Bilasizlar-a? Men shu darajaga keltirganman bu jamoani, bolalarni o‘zim tarbiyalaganman, hammasini boshidan boshlab. Futboldagi o‘yinlarning hammasini bilaman», deya O‘FA yangi prezidentining so‘zlarini keltirdi «Tribuna».

Mavzuga oid