Jamiyat | 21:02 / 25.01.2018
39616
5 daqiqa o‘qiladi

Moliya vaziriga: "Uch diplomli vatanparvar bir yigit ishsizlikdan qachongacha sarson bo‘ladi?"

Foto: Shutterstock

Hurmatli Jamshid Anvarovich!

Prezidentimiz Sizga qanday ishonch bildirib, Respublikaning eng muhim bo‘g‘iniga rahbar etib tayinlaganidan xabardormiz. Bu sohada katta o‘zgarishlar qilish uchun prezidentimiz singari shijoat bilan ishlashingizdan ham umidvormiz.

Men moliyachi emasman, bu sohani bilmayman, ammo odamlarning dardini yaxshi biladigan bir jurnalist, yozuvchi sifatida millat dardida qayg‘urib yozgan maqolalarim bois ayrimlar o‘z muammolarini menga yozib, yordam berishimni so‘rashayapti. El ishonib, dardini bir yozuvchisiga aytgani yaxshi, ammo ko‘p muammolarni hal qilish mening vakolatimga kirmaydi.

Sizning e'tiboringizni bir yigitning xatiga qaratmoqchiman, oldindan aytib qo‘yay, men u yigitni tanimayman, ko‘rmaganman, ammo menga murojaat qilgach, ishlayman, deb yonib turgan bir yigitning taqdiriga befarq qarab turolmadim.

“Odiljon Oxunjonovman. 1992 yilda Farg‘ona viloyati Buvayda tumanida tug‘ilganman. Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining bakalavriat hamda magistratura bosqichini tamomlaganman. Mutaxassisligim buxgalteriya hisobi va audit. Bundan tashqari, davlat moliyasini boshqarish sohasida ham o‘qidim.

Hozir Toshkentdaman. Yarim yildan beri ish izlayman. Men ish so‘rab, murojaat qilmagan tashkilot qolmadi, hisobi. Hammasida hujjat qoldiring, deyishadi, lekin natijadan darak yo‘q.

“O‘zpaxtasanoat” eksport xoldingga avgust oyida hujjat berdim. Kadrlar bo‘limida hujjatlarimni ochib ham qarashmadi.

“Mikrokreditbank”ka hujjat berdim. Viloyatlik ekanimni bilgach, odam o‘rnida ko‘rib muomala ham qilishmadi.

“Ipoteka bank”ka ko‘p bor murojaat qildim. “Hujjatlaringizni qoldiring, o‘zimiz qo‘ng‘iroq qilamiz”, deyishdi. Besh oydirki, qo‘ng‘iroq kutaman...

Boshqa idora va tashkilotlar ham shunday munosabat bildirishayapti.

Xullas, uchta diplom va sertifikatim bilan ishsizman. Ayni vaqtda Sergelidagi ko‘p qavatli uy qurilishida oddiy ishchi bo‘lib ishlayapman.

Koreyaga ishga ketmoqchi bo‘lib, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligiga bordim va u yerdagi qog‘ozbozlikdan boshim aylanib ketdi. Hammasini tayyorlab kelganimda ham Koreyaga ishga ketishimni yillab kutishim kerak ekan.

Axir men O‘zbekistonning oliy ma'lumotli farzandiman, ishlayman deb yuragim qaynab turibdi. Nahotki biror yerdan ish topolmay, Rossiyaga borib, qor kurasam, qora ishlarni qilsam?

Ishga kirishning yo‘lini o‘rgatayotganlar bor, ammo men ular aytgandek, pora berib ishga kirish uchun yetti-sakkiz yil o‘qimadim-ku? Mustaqil hayotimni qing‘irlik bilan boshlamoqchi va umrim davomida qing‘irliklar bilan ishlamoqchi emasman. Halol yo‘l bilan ishga kirib, Vatanim ravnaqi uchun pokiza vijdon bilan halol ishlamoqchiman.

Prezidentimizning yoshlarga berayotgan e'tiborlari, ayniqsa, u kishining shiddat bilan yonib ishlayotganlarini ko‘rib, u kishining yonida bo‘lsam, ishlariga kamarbasta bo‘lsam, men ham u kishi bilan yelkama-yelka ishlasam, deyman. Ammo hozircha o‘z kuchimni, bilimimni ko‘rsatish uchun imkon berishmayapti.

26 yoshdaman, kuchga to‘lganman, bilimim bor, aqlim bor, eng muhimi, shijoat bilan ishlayman, degan ahdim bor, ammo imkonim yo‘q.

Biror munosib ishga joylashishimda menga yordam bering!”

Hurmatli Jamshid Anvarovich!

Xabarim bor, vazirlikda katta “tozalash” ishlarini boshlagansizlar. Sizlarga halol, pok, iymonli, g‘ayratli yoshlar kerak. Sizdan shu yurtning bir yozuvchisi, jurnalisti sifatida iltimos qilaman, shu yigitni ishga oling, zero menga notanish bo‘lgan elning shu farzandi Sizga begona emas ekan, u siz dars bergan universitet bitiruvchisi, qolaversa, uchta diplomli bir moliyachi ekan. Shu yigitga o‘zini, kuchini, bilimini, salohiyatini ko‘rsatishga imkon bering!

Shunday yigitlar Sizga ham, Prezidentimizga ham, xalqimizga ham sadoqat bilan xizmat qilishlariga men ishonaman!

Kim bilsin, balki men Sizga kelajakda eng sadoqatli va eng munosib shogird bo‘ladigan yigit haqida murojaat qilib turgandirman. Balki kelajakda buning uchun minnatdor ham bo‘larsiz. Ammo o‘g‘lingiz tengi bir yigitning boshini silab, unga imkon bersangiz, katta savob topishingiz, katta hurmat va ehtiromga ega bo‘lishingiz shubhasiz!

Hurmat bilan Karimberdi To‘ramurod.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid