14:36 / 25.01.2018
32925

Toshkentda do‘stini qutqarishga uringan 10 yoshli bola cho‘kib ketdi

Foto: Wikimedia Commons

Toshkentda 24 yanvar kuni o‘z sinfdoshini qutqarishga harakat qilib cho‘kib ketgan 10 yoshli Abdulla Ro‘ziboyev dafn etildi. Fojia 21 yanvar kuni Olmazor tumanining Qora-Qamish 2/5 mavzesi hududidan oqib o‘tuvchi suv kanalida yuz bergan.

Abdullaning jonsiz tanasi u cho‘kib ketgan joydan 1 kilometrlik masofada topildi.

Voqeaga guvoh bo‘lganlarning xabar qilishicha, fojia 21 yanvar kuni, 10 yoshli Abdulla Ro‘ziboyev va uning sinfdoshi Shohjahon maktabdagi darslardan qaytayotgan vaqtida yuz bergan. Do‘sti suvga tushib ketganini ko‘rgan Abdulla o‘zini muzdek sovuq suvga tashlagan va Shohjahonni qutqarib qolgan, biroq o‘zi cho‘kib ketgan.

- U yerda oqim kuchli edi. Abdullaning jasadi 2 kun o‘tib, cho‘kib ketgan joyidan 1 kilometr masofada topildi, - degan Abdulla Ro‘ziboyevning qo‘shnisi.

21 yanvar kuni ijtimoiy tarmoqlarda Favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimlari 10 yoshli Abdullaning jasadini qidirishayotgani tasvirlangan video paydo bo‘ldi. Ushbu videoyozuv ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarini larzaga keltirgan.

Do‘stini qutqarishga harakat qilib, o‘zi cho‘kib ketgan Abdulla Ro‘ziboyev Olmazor tumanidagi 134-maktabda ta'lim olgan. Uning o‘qituvchisi bola sinfda a'lochi bo‘lganini aytgan.

Olmazor tumanining Qora-Qamish 2/5 mavzesida yashovchi fuqarolarning so‘zlariga ko‘ra, ko‘p qavatli uylar yonidan oqib o‘tuvchi kanal temir to‘siqlar bilan o‘ralmagan va mahalliy aholi uchun xavfli hudud sanaladi.

Top