O‘zbekiston | 18:02 / 26.01.2018
10315
3 daqiqa o‘qiladi

Strategik xarid qiluvchilarga tender o‘tkazmaslikka ruxsat berildi

Foto: Depositphotos

Prezidentning 22.01.2018 yildagi PQ-3487-son «Xo‘jalik jamiyatlari va strategik ahamiyatga ega korxonalar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori imzolandi.

Eslatib o‘tamiz, umumiy qoidaga ko‘ra, davlat va korporativ xaridlarni amalga oshirish kontraktning AQSh dollariga ekvivalentdagi summasiga bog‘liq.

Norma.uz’ning yozishicha, qabul qilingan hujjat quyidagi strategik xarid qiluvchilarga nisbatan alohida shartlarni joriy etadi: NKMK, OKMK, «O‘zbekneftgaz», «O‘zbekenergo», «O‘zbekgidroenergo», «O‘zkimyosanoat», «O‘zbekiston temir yo‘llari», «O‘zbekko‘mir», «O‘zbekiston havo yo‘llari», «O‘zbektelekom», «Energiya tejash milliy kompaniyasi» va «O‘zavtosanoat», shuningdek ularda mazkur kompaniyalarning ulushi bo‘lgan tashkilotlar.

Ular joriy ishlab chiqarish faoliyatida ishlatiladigan, kontrakt summasidan qat'iy nazar, eng yaxshi takliflarni tanlab olish yo‘li bilan uskunalar, xom ashyo, materiallar, ehtiyot qismlar va butlovchi buyumlarni, shuningdek, ishlar va xizmatlarni xarid qilish kontraktlarini (shu jumladan, import kontraktlarini) tuzish huquqiga ega bo‘lishdi. Ya'ni tanlov (tender) savdolarini o‘tkazish (kontrakt summasi $1 ming dan $100 minggacha bo‘lganda o‘tkaziladi) to‘g‘risidagi umumiy talablar ularga taalluqli emas, biroq ular yetkazib beruvchilar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuza olishmaydi.

Bunda quyidagi shartlar amal qiladi:

• takliflarni strategik xarid qiluvchilar tomonidan tuziladigan va ularning rahbarlari boshchilik qiladigan idoraviy tanlov komissiyalari baholaydi;
• ekvivalenti 50 ming AQSh dollaridan ortiq bo‘lgan summadagi tovarlarni (ishlar, xizmatlarni) xarid qilishga bo‘lgan texnik topshiriqlar Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazida majburiy kelishuvdan o‘tkaziladi;
• eng yaxshi takliflarni tanlab olish natijalari bo‘yicha tuzilgan barcha kontraktlar, shu jumladan, import kontraktlari ko‘rsatilgan Markazda majburiy ro‘yxatdan o‘tkazilishi lozim.  

Yuqorida ta'riflangan tartib tatbiq etilmaydigan ikkita holat mavjud:

1 –  rivojlantirish davlat dasturlarini amalga oshirish doirasida tovarlar (ishlar, xizmatlar) xaridlariga;
2 – Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi va O‘zbekiston Respublikasi kafolatlari orqali jalb qilinayotgan kreditlar hisobidan moliyalashtiriladigan kontraktlarga.

Ushbu hujjat 22.01.2018 yildan kuchga kirdi.

 

Mavzuga oid