Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekistonda xorijga chiqish uchun alohida pasportlar beriladi, biometrik pasport muomaladan chiqariladi
O‘zbekistonda xorijga chiqish uchun alohida pasportlar joriy qilinadi, hozirda amalda bo‘lgan biometrik pasportlar chet el pasportlari deb tan olinmaydi va bosqichma-bosqich ID-karta joriy etilishi munosabati bilan muomaladan chiqariladi.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi direktori Najmiddin To‘raxo‘jayev «Gazeta.uz» nashriga ma'lum qilishicha, xorijga chiqish uchun belgilangan tartibda alohida rang va shakldagi pasportlar beriladi.
2018 yilgi Davlat dasturi loyihasida milliy pasportni xorijga chiqish pasporti sifatida tan olish taklif qilingan bo‘lsa ham, hujjatning tasdiqlangan talqinida ushbu band olib tashlangan. Ayni paytda fuqarolik pasportini ID-kartalar bilan almashtirish bandi tasdiqlanib, jarayon bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.
Eslatib o‘tamiz, xorijga chiqish pasportlarini joriy etishni 2019 yil 1 yanvardan boshlash rejalashtirilgan. Pasport 10 yil muddatga beriladi. Shuningdek, 2019 yil 1 yanvardan ikki yil muddatga beriluvchi xorijga chiqish stikerlarini (OVIR) rasmiylashtirish talabi bekor qilindi.
2019 yil 1 yanvardan so‘ng viza rejimi mavjud mamlakatlarga chiqishda xorijga chiqish muddati tugamagan milliy pasportlardan foydalanish mumkin. Viza talab qilinmaydigan davlatlarga chiqishda esa amaldagi pasportdan 2021 yil 1 yanvargacha foydalaniladi.
Najmiddin To‘raxo‘jayev nima uchun amaldagi pasport xorijga chiqish hujjati sifatida tan olinmagani bo‘yicha savolga quyidagicha javob qaytardi: «Chiqish hujjatini rasmiylashtirish tartiblari ichki pasportni rasmiylashtirish tartiblaridan farq qiladi. Bundan tashqari, xorijga chiqish pasporti tuzilishi va sahifalari soni bilan ham farq qiladi».
Davlat personallashtirish markazi direktori ID-kartalar joriy etilishi haqida so‘zlar ekan, 20 martgacha identifikatsiya kartalarini bosqichma-bosqich joriy etishni ko‘zda tutgan normativ-huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiqilishini ma'lum qildi.
«Biz ID-kartalar joriy etilishini to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz, ular foydalanish uchun qulay. Biroq tegishli infratuzilmalarni yaratish uchun biroz muddat kerak, texnologik jarayonlarni hisobga olish lozim», — deya oydinlik kiritdi u.
Adliya vazirining birinchi o‘rinbosari Nodirjon Jo‘rayev ham ID-kartalar bosqichma-bosqich joriy etilishini tasdiqlagan. Amaldagi fuqarolik pasportlari muddati tugashi bilan shaxsni tasdiqlovchi hujjat sifatida rasmiy hujjat bo‘lgan identifikatsiya kartalari taqdim etiladi.
Mavzuga oid
10:22 / 02.10.2025
Readmissiya qilinganlarga xorijga chiqish pasportini rasmiylashtirish tartibi belgilandi
19:13 / 23.05.2025
Litva 1 iyundan Rossiyaning nobiometrik xorijga chiqish pasportini tan olmaydi
18:53 / 13.05.2025
Deportatsiya qilinganlarga 2 yil davomida xorijga chiqish pasporti berilmaydi
17:38 / 05.11.2024