Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Afg‘onlar mamlakatlaridagi tinchlik bo‘yicha faqatgina o‘zlari kelisha oladilar – Pokiston bosh vaziri
Faqatgina afg‘onlarning o‘zlari mamlakatlarida tinchlik o‘rnatilishi bo‘yicha kelisha oladilar, Pokiston va AQSh esa ularga bunda ko‘mak berishi kerak. Bunday fikrni Pokiston bosh vaziri Shohid Abbosiy The Washington Post nashriga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
“Urush Afg‘onistondagi muammolarning yechimi emas. Afg‘onlarning o‘zlari muzokaralar stoli atrofiga o‘tirib, o‘z muammolarini hal qilishlari kerak. Ularning o‘zlari mamlakatlariga tinchlikni olib kelishlari darkor. Pokiston va AQSh bunda yordam berishi kerak”, deb aytgan Abbosiy.
Abbosiyning aytishicha, “hozirda toliblar Afg‘onistonda Pokiston bilan chegaradosh barcha hududlarni nazorat qilmoqdalar”. “Menga ma'lum bo‘lishicha, ular hozirda Afg‘onistonning 38 foiz hududini nazorat qilmoqdalar. Afg‘oniston hukumati va qurolli kuchlari zaifdir”, dedi Abbosiy.
“Pokiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi chegaraning umumiy uzunligi 2 ming km ni tashkil qiladi va undan 700 kmida birorta afg‘on askari yoki posti yo‘q. Bu orada Afg‘onistondan Pokistonga giyohvand moddalar kontrabandasi biz oxirgi 50 yil ichida ko‘rmagan hajmlarga yetgan. Biz hozir chegaramizda to‘siqlar o‘rnatmoqdamiz. Bunga milliardlab dollarlar sarflamoqdamiz”, deb qo‘shimcha qildi Pokiston bosh vaziri.
Uning aytishicha, Islomobod “mamlakatga giyohvand moddalar, terrorchilar kirmasligi uchun shunday qilmoqda”. “Chegaradagi vaziyat murakkab: uni har kuni hujjati bo‘lmagan 60-70 ming kishi kesib o‘tadi”, deb aytdi Abbosiy.
Bosh vazir Pentagon tomondan Afg‘onistonda o‘tkazilayotgan harbiy operatsiyaga baho bermadi, biroq “Afg‘oniston AQSh uchun navbatdagi Vetnamga aylanishi mumkinmi?” (1964-1973 yillardagi Vetnam urushi nazarda tutilgan) degan savolga “Ha, agar siz (AQSh) bu operatsiyani davom ettirsangiz”, deb javob qaytargan.
Hozirda Afg‘onistonda 15 ming amerikalik askar joylashtirilgan. AQSh u yerda 2001 yil oktabridan beri urush olib bormoqda. Pentagonning hisob-kitoblariga ko‘ra, bu maqsadlar uchun 680 mlrd dollar sarflangan. Bu vaqt ichida Afg‘onistonda 2,35 ming amerikalik harbiy halok bo‘lgan, 20 mingdan ko‘prog‘i jarohat olgan.
Mavzuga oid
22:16 / 18.06.2026
AQSh vitse-prezidenti Ho‘rmuz bo‘g‘ozi blokadasi ochilganini e’lon qildi
21:12 / 18.06.2026
Neft narxi AQSh va Eron urushi boshlanganidan beri eng past darajaga tushdi
13:35 / 18.06.2026
AQSh-Eron prezidentlari o‘zaro anglashuv memorandumini imzoladi
10:00 / 18.06.2026