Jamiyat | 10:50 / 29.01.2018
39151
5 daqiqa o‘qiladi

Yer talashib yersiz qolganlar yoki “Iskandar Foods” atrofidagi mashmashalar 

Hayotda shunday holatlarga duch kelinadiki, ba'zida kim haq, kim nohaqligini ajratish mushkul bo‘lib qoladi. Garchi hozirgi kunda qog‘ozlar so‘zlayotgan bo‘lsa-da, ayrim hollarda o‘sha qog‘ozlar inobatga olinmasligi kishining asabini buzadi. Qonunbuzarlik sodir etilgani aniq, sud mahkamasi ham bir necha bor hal qiluv qarorlarini chiqargan, ammo voqealar rivoji shunday davom etdiki, alaloqibat ikki tomon ham yersiz qolib ketganiga nima deysiz? 

KUN.UZ tahririyatiga Bo‘stonliq tumanida 2006 yilda tashkil etilgan va ayni vaqtda kasod yoqasida qolgan “Iskandar Foods” xususiy korxonasidan murojaat kelib tushdi. Biz holat bilan yaqindan tanishish maqsadida korxona joylashgan Bo‘stonliq tumani Iskandar qo‘rg‘oniga borib, dastavval xususiy korxonaning faoliyati bilan qiziqdik. 

Bir vaqtlar meva-sabzavotlar, sutni qayta ishlash yo‘lga qo‘yilgan “Iskandar Foods” xususiy korxonasining nizom jamg‘armasidan konvertatsiya muammolari sababli amerikalik tadbirkorlar o‘z ulushlarini olib chiqishadi. Ayni vaqtda korxona xarob ahvolda. Chunki 2015 yildan ishlab chiqarish to‘xtatilgan. Bino va inshootlar bo‘sh yotibdi. Korxona rahbari Mirhosil Halimovning aytishicha, bunga yondosh hududda joylashgan “Lotos Gold” MChJga tuman hokimligi va kadastr bo‘limi xatosi bilan XK yeri berib yuborilgani sababdir. 

Gap shundaki, tuman yer kadastr bo‘limi xodimlari birinchi tashkilotga tegishli bo‘lgan hududning bir qismini undan bir necha yil keyin tashkil etilgan korxonaga berib yuborgan. Oqibatda 3 gektarga yaqin yer maydoni qog‘ozda 3,5 gektarga aylanib qolgan. “Lotos Gold” MChJ 2011 yil noyabrida tashkil etilgan bo‘lsa, yer talashish mojarosi 2013 yil 31 iyulda tuman prokurorining protesti bilan boshlangan. 

Sudma-sud, idorama-idora yurishlar boshlanib, ikki tomon apellyatsiya jarayonlaridan ham o‘tgan, sud mahkamalarida “Iskandar Foods”ning qo‘li baland kelgan bo‘lsa, sud qarorini ijro etishga kelganida “Lotos Gold” MChJning toshi og‘ir bosgani sababli ijro qog‘ozda qolib ketavergan. Bir tomon murosani taklif qilsa, ikkinchi tomon qabul qilmagan. 

Bo‘stonliq tuman hokimining Toshkent viloyat xo‘jalik sudining 2014 yil 26 noyabrdagi hal qiluv qarori bilan “Iskandar Foods”ning da'vosi qondirilgan va “Lotos Gold” MChJ foydalanishida bo‘lgan 0,5939 gektar yer maydonini xususiy korxonaga qaytarish belgilangan. Shu bilan ish bitdi, desangiz xato qilasiz. Mojaroning hammasi shundan keyin boshlandi. 

Endi “Lotos Gold” MChJ o‘z “odamlari”ni ishga solgan ko‘rinadi. Oradan salkam bir yarim yil o‘tganidan so‘ng, 2016 yil 20 mayida Bo‘stonliq tuman prokuraturasining protesti asosida tuman hokimi 915-son qarori bilan 2000 yil 18 yanvardagi 55-son qarorini bekor qiladi. Shu bilan “Iskandar Foods” XK mazkur qarorga asosan o‘ziga tegishli bo‘lgan 1,356 gektar yerdan foydalanish huquqidan mahrum etiladi. 

Toshkent viloyati xo‘jalik sudi 13.07.2016 yildagi majlisida yuqoridagi yangi holatlarni inobatga olib, tuman hokimining 2000 yil 18 yanvardagi 55-son qarori bekor qilingani sababli “Iskandar Foods” binolari joylashgan 1,356 gektar yer maydonidan foydalanish huquqini bekor qiladi. 

Xullas, voqealar shunday rivojlanganki, ayni vaqtda ishlayotgan va ishlamayotgan ikki korxona o‘z binolari turgan yer maydonlaridan foydalanish huquqiga ega emas. Ya'ni surishtirilsa, ular yerdan noqonuniy foydalanayotgan bo‘lib chiqadi. Tuman hokimlarining qo‘nimsizligi, tomonlarning muammoga xolis yondashib, uni hal qilishni istamayotgani, murosa yo‘lini tutmayotgani masalani tobora chuqurlashtirmoqda. 

“Lotos Gold” MChJ rahbarining aytishicha, buning oqibatida qo‘shma korxonada hissador bo‘lgan xitoylik tadbirkorlar muammo ijobiy hal etilmayotgani tufayli O‘zbekistonni tark etishi mumkinligidan xavotirda. Qolaversa, MChJ tumanda xorijga mahsulot eksport qilayotgan korxonalardan biri bo‘lsa, ikkinchisida ham ishlab chiqarish tiklanganida, xorijga quritilgan mevalar va sabzavotlar, konserva mahsulotlari eksport qilish mumkin bo‘lar edi.

Ammo afsuski, mazkur muammo yuzasidan O‘zbekiston teleradiokompaniyasining turli kanallarida bir necha bor chiqishlar qilinganiga qaramay, masala o‘zining ijobiy yechimini topayotgani yo‘q. Oqibatda bir korxona binolari bo‘sh, jihozlari zanglab yotibdi, ikkinchisi ishlab chiqarishni kengaytira olmayapti...

Youtube'da ko‘rish

Mover.uz'da ko‘rish

 

Mavzuga oid