O‘zbekiston | 11:50 / 29.01.2018
29157
3 daqiqa o‘qiladi

Qashqadaryoda iqtisodiy kompleks o‘lgan - prezident eski davr kamchiliklarini yana bir bor eslab o‘tdi

Foto: Prezident matbuot xizmati

28 yanvar kuni Chiroqchi tumanida prezident rahbarligida Qashqadaryo viloyati faollari yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Ushbu yig‘ilishda viloyatning ijtimoiy-iqtisodiy holati tanqidiy baholar asosida tahlil etildi. Mavjud muammolar ochiq gapirildi, mutasaddi rahbarlarga tegishli ko‘rsatmalar berildi. Prezident Qashqadaryo viloyatidagi kichik biznes va xo‘jalik sub'yektlari faoliyati, ularning tugatilishi, tadbirkorlikning oqsashi masalasiga to‘xtalib o‘tdi.

Qashqadaryoda tadbirkorlarga yordam berish holati bizni umuman qoniqtirmaydi. Viloyatda 2017 yil 1980ta yangi, kichik biznes sub'yektlari tashkil etilgan bo‘lsa, 1650ta sub'yekt o‘z faoliyatini yakunlagan. Bu nima degani, bu yolg‘on ma'lumot degani. Bu nimadan dalolat, bu – viloyat hokimi birinchi o‘rinbosarligi boshchiligidagi iqtisodiy kompleks o‘lganidan dalolat. 

Davlat rahbarining bu e'tiroziga viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari tugatilgan biznes sub'yektlarining nizom jamg‘armasi shakllanmagani, aylanma mablag‘lari yetarli bo‘lmaganini misol qilib ko‘rsatgan. 

«Bularning barchasi bahona. Unda ular nega tashkil etilgan? Masalan, G‘uzor tumanida 74ta sub'yekt tashkil etilgan bo‘lsa, 171ta biznes sub'yekti tugatilgan. Joylardagi vakillaringizni ishlatmaysizmi? Bir paytlardagi rahbar «sakkiz foiz» deb hamma joyni o‘ldirib ketdi. Men bu gapni aytishdan charchamayman, negaki, u hammani shunga o‘rgatib ketdi. Endi kabinetda o‘tirishga hech kimni qo‘ymayman. O‘zbekistonda unday zamon tugab bo‘ldi. Yopilayotgan har bir korxona bo‘yicha alohida ishlash lozim. Akajon, ukajon, opa-singiljon, korxonangizni yopmang, yopmasligingiz uchun nima qilib beray, deb so‘rash kerak tadbirkorlardan. Baza qilish kerak.

Yana bir misolga qarang: Shahrisabz tumanida 75ta sub'yekt tashkil etilgan emish, shundan 120tasi yopilgan. O‘tgan yilning o‘zida viloyatda 8800ta xo‘jalik sub'yekti tugatilgan yoki vaqtinchalik faoliyatini to‘xtatgan. Buning oqibatida 10 ming 400dan ziyod ish o‘rni yo‘qotilgan», deya Shavkat Mirziyoyevning so‘zlarini keltirgan «Kun.uz» muxbiri.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid