O‘zbekiston | 13:10 / 29.01.2018
18271
3 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev: «Qashqadaryoning salohiyatidan yetarlicha foydalana olmayapmiz»

Foto: Prezident matbuot xizmati

Kecha, 28 yanvar kuni Chiroqchi tumanida prezident rahbarligida Qashqadaryo viloyati faollari yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Ushbu yig‘ilishda viloyatning ijtimoiy-iqtisodiy holati tanqidiy baholar asosida tahlil etildi. Mavjud muammolar ochiq gapirildi, mutasaddi rahbarlarga tegishli ko‘rsatmalar berildi. Prezident shu asnoda viloyatning salohiyatiga to‘xtalib o‘tar ekan, bundan yetarlicha foydalana olinmayotgani haqida gapirib o‘tdi.

«Men bir gapni qayta-qayta gapirishdan charchamayman. Qashqadaryo uchun, O‘zbekiston uchun chetdan kelib hech kim hech narsa qilib bermaydi. Qaytanga ustimizdan kulib o‘tirishadi. Barchasini o‘zimiz qilishimiz kerak, odamlarni bo‘layotgan o‘zgarishlarga ishontirishimiz lozim. Shuning uchun buyog‘iga kabinet degan narsa yig‘ishtiriladi. Oldin ham aytganman, 2018 yil juda qattiq, sinovli keladi. Men hech bir rahbarning shunchaki yurishiga yo‘l qo‘ymayman, ishidan bo‘shab mendan qutulmasa, osonlikcha qutula olmaydi.

Qashqadaryo viloyatiga to‘xtaladigan bo‘lsam, sektor rahbarlari uyma-uy yurib, tadbirkor shakllantirib, borini kengaytirib, bankiri, prokurori, soliqchisi shu ishlar bilan shug‘ullanadi. Birga yurishlar yo‘q, alohida-alohida, sektorlar bo‘yicha ishlash kerak. Qashqadaryo uchun paxta kerakdir, ammo viloyat hududlari bo‘yicha sanoatni, chorvachilikni, baliqchilikni, o‘rmon xo‘jaligini va boshqa sohalarni rivojlantirish kerak. Masalan: o‘tgan yil G‘uzor tumani har bir gektardan 17 sentner paxta hosili oldi. Bu borada hatto Qoraqalpog‘istonning natijasini ham ko‘rsata olmadi. Bu zarar-ku?! Pullarni havoga sovurish-ku?! Gektariga 30-35 sentner hosil bo‘lsa, foyda bo‘ladi.

Qashqadaryo katta el. Turli hududlari bor. Viloyatni eng qiynayotgan masala suv masalasi. Dehqonobod tumani 2 foiz ichimlik suvi bilan ta'minlangan. Shu odamlarning bag‘rikengligiga, sabriga qoyil. Biz bu borada katta ishlar qilamiz. Ramatov, Qo‘chqorov suv omborlari qurish, toza ichimlik suvi bor viloyatdagi tumanlarga quvurlar tortish bo‘yicha bajariladigan ishlar tartibi va byudjyeti bo‘yicha shug‘ullanadi. Viloyatdagi iqtisodiy og‘ir tumanlar – Dehqonobod, Mirishkor va Chiroqchi tumanlarida Xonqa usulida rivojlantirish loyihasi amalga oshiriladi. Agar bu o‘zini oqlasa, viloyatning boshqa tumanlariga ham bu loyiha bosqichma bosqich amalga oshirib boriladi», deya prezident so‘zlarini keltiradi «Kun.uz» muxbiri.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid