Sport | 19:40 / 29.01.2018
6029
2 daqiqa o‘qiladi

Shota Arveladze «Paxtakor» OChL guruh bosqichi yo‘llanmasini qo‘lga kiritishiga umid bildirdi

Foto: pakhtakor.uz

OChL-2018 saralash bosqichidan o‘rin olgan «Al-G‘arafa» - «Paxtakor» o‘yinidan oldin, toshkentliklar ustozi Shota Arveladze matbuot anjumanida ishtirok etdi.

«O‘yin haqida fikr bildirishdan oldin, Xitoyda o‘tkazilgan Osiyo chempionatida g‘olib chiqqan O‘zbekiston yoshlar terma jamoasini, bu yo‘lda mehnat qilgan barcha insonlar va ishqibozlarni tabriklayman.

O‘yinga kelsak, bu bir bellashuvdan iborat to‘qnashuvdir. Ikkinchi imkoniyat berilmaydi. Maqsadimiz g‘alaba qozonish va bunga bor kuchimiz bilan intilamiz.

«Al-G‘arafa» bilan murabbiylik faoliyatimda to‘qnash kelmaganman. Ularda yaqinda murabbiy o‘zgardi, yangi futbolchilar bilan shartnoma imzolandi. Raqibni imkon qadar o‘rganib chiqdik.

Futbolda har qanday holat sodir bo‘lishi mumkin. Raqibimiz o‘yinlarini tahlil qilib chiqdik. Bu biz uchun mavsumdagi birinchi rasmiy uchrashuvga aylanadi. Bahsga hozirlik ko‘rish uchun tayyorgarlik jarayonini o‘tkazdik. 

Rasmiy o‘yinlar amaliyoti borligi «Al-G‘arafa»ga kichik ustunlik berishi mumkin, ammo biz mavsumni yangi kuch hamda g‘alaba bilan boshlash yo‘lida borimizni beramiz.

Tarkibimizda jarohat bo‘yicha muammo yo‘q. Kecha tunda Xitoydagi Osiyo chempionatida ishtirok etgan futbolchilardan uch nafari Doxaga yetib kelishdi va safimizga qo‘shildi» - dedi Arveladze.

Eslatib o‘tamiz, «Al-G‘arafa» - «Paxtakor» o‘yini 30 yanvar kuni o‘tkaziladi. 

Azamat Murodov
Tayyorlagan Azamat Murodov
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid