Jahon | 19:29 / 29.01.2018
29209
5 daqiqa o‘qiladi

Jamoa faoliyatini qanday qilib samarali yo‘lga qo‘yish mumkin? Google xodimlarining siri

Foto: Getty Images

Google tadqiqotchilari qanday yo‘l tutilsa, jamoa faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yishning uddasidan chiqilishini o‘rganishga qaror qilishdi. Ular shu yo‘nalishda o‘nlab jamoalar ishini tahlil qilib chiqishdi hamda yuzlab rahbar va xodimlar bilan suhbatlashishdi. Oxir-oqibat jamoa samaradorligi uchun asosiysi — psixologik xavfsizlik, degan qarorga kelishdi.

Psixologik xavfsizlik darajasi yuqori bo‘lgan jamoada ishtirokchilar tavakkal qilishdan qo‘rqishmaydi. Ular o‘z xatosini tan olgani uchun hech kim kamsitmasligi va jazolamasligini yaxshi bilishadi.

Jamoada ishonch bo‘lishi kerak. Biroq ishonchli muhitni yaratish oson ish emas: har bir xodim o‘z nuqtai nazari va o‘z ishlash uslubi bilan farqlanadi. Jamoada ishonchli munosabatlarni o‘rnatishga yordam beruvchi bir necha strategiya inc.com'da taqdim etildi.

Boshqalarni tinglang

Jamoada ishonch o‘rnatish uchun boshqalarning o‘y-xayollari va his-tuyg‘ulariga hurmat bilan munosabatda bo‘lish kerak. Shuning uchun doim hamkasblaringizni tinglashga harakat qiling. Savollar bering va javoblarini diqqat bilan tinglang. Hukm chiqarishga shoshilmang. Siz shu tariqa jamoaning har bir a'zosining kuchli va zaif tomonlarini aniqlab olasiz. Shu bilan birga, siz uchun ularning fikri muhimligini ko‘rsatasiz.

Xayrixoh bo‘ling

Hamkasblaringiz va ularning nuqtai nazarini tushunishga harakat qiling, o‘zingizni ularning o‘rniga qo‘yib ko‘ring. Ko‘pincha ular biror muammosi bilan bo‘lishganida o‘zimizcha "Hechqisi yo‘q. Men ham avvallari bunga duch kelganman", deb qo‘yamiz. Hamkasblaringizning his-tuyg‘ulariga bunday loqayd bo‘lmang. O‘zingiz stressga yo‘liqqan yoki biror vazifani uddalay olmagan vaziyatni eslab ko‘ring va xayrixohlik bildiring.

Samimiy bo‘ling

Hamma samimiy, o‘zligini namoyon etishdan uyalmaydigan insonlar sari intiladi. Bu doim o‘z fikrlari va tashvishlari bilan bo‘lishish kerakligini bildirmaydi. Shunchaki haqiqatda dilingizdagi tilingizda bo‘lsin va doim o‘z tamoyillaringizga sodiq qoling.

Ibrat ko‘rsating

So‘zlar xatti-harakatlar bilan mustahkamlanishi kerak. Ishonch va rostgo‘ylik haqida ko‘p gapirishingiz mumkin, lekin hamkasblaringizga baqirib, ularning fikrini hurmat qilmas ekansiz, so‘zlaringizning zarracha qadri bo‘lmaydi.

Boshqalarga yordam bering

Sevimli rahbaringizni yodga oling. Siz uchun uning qayerda o‘qigani va nimalarga erishgani emas, qanday vaziyatlarda sizga yordam bergani muhim, axir. O‘zining tirband jadvalidan bo‘sh vaqt topib, sizni tinglagan, maslahat bergan yoki qaysidir muammo ustida siz bilan birga bosh qotirgan. Ishonch ana shu tarzda — biz boshqalarga yordam berayotganimizda yuzaga keladi.

Jamoani qo‘llab-quvvatlang

Ba'zan hatto jamoangiz fikriga qo‘shilmasangiz ham, ularning nuqtai nazarini qabul qilish kerak. Amazon rahbari Jyeff Bezos shunday maslahat bergan. Avval o‘z pozitsiyangizga izoh bering, shunda to‘g‘ri qaror chiqarish oson bo‘ladi. Biroq jamoaga ishonsangiz, loyihani amalga oshirish yo‘lida to‘siq bo‘lmang. Hamkasblaringizga tajriba orttirish va o‘sish uchun imkon bering.

Kelishishni o‘rganing

Bu o‘z fikringizda qat'iy turmasligingiz kerakligini bildirmaydi. Shunchaki siz hamma narsani bilmasligingizni tan oling. Boshqalardan yangi bilimlarni o‘zlashtirishga va nohaq bo‘lgan taqdiringizda uzr so‘rashga tayyor turing.

Ochiq bo‘ling

Jamoa rahbari ishdagi sir-asrorlardan qolganlarni voqif qilmasa yoki nimanidir yashirsa, juda yomon. Sizning maqsad va usullaringiz jamoaning barcha a'zolari uchun tushunarli ekaniga ishonch hosil qiling. Ishning muvaffaqiyatli bajarilishi uchun zarur bo‘lgan barcha ma'lumotlarni ularga taqdim eting.

Chin dildan maqtang

Hamkasblar siz ularning ishini qadrlayotganingizni ko‘rib, yanada ko‘proq harakat qilgisi keladi. Biroq maqtovlar samimiy va aniq bo‘lishi kerak. Aynan nima va nima uchun siz uchun qadrli ekanini ochiq bayon qilishga odatlaning.

Har bir inson qandaydir bir ishi uchun e'tirofga loyiq. Insonlarning iste'dodini ko‘rib, maqtab qo‘yishga harakat qiling. Shunda uning bu fazilatlarini yanada yaxshiroq kashf qilishga yordam bergan bo‘lasiz.

 

Mavzuga oid