11:23 / 31.01.2018
17019

O‘zbekistonda «Aqlli tibbiyot» tizimi joriy etilmoqda

Foto: Fotolia

O‘zbekistonda Yagona tibbiyot axborot markazi va «Aqlli tibbiyot» tizimi joriy etilmoqda. Ishga mamlakat dasturiy mahsulotlar ishlab chiquvchilari va innovatsion texnologiyalar mutaxassislari jalb etilgan, deb yozmoqda Norma.uz.

Yagona markaz va «Aqlli tibbiyot» tizimining joriy etilishi aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash uchun qo‘shimcha imkoniyatlarni yaratadi. Ular yo‘lga qo‘yilishi bilan kasalliklarni barvaqt aniqlash darajasi oshadi va kasalliklarning masofali profilaktikasi joriy etiladi.

Yagona tibbiyot axborot markazi – bu bemorlarning ambulatoriya kartalari va kasalliklar tarixi elektron ma'lumotlar bazasidir. Barcha tibbiyot muassasalari shifokorlari uchun axborotdan foydalanish imkoniyati mavjud. Bu davo choralarini tayinlash uchun bemor haqidagi tibbiy ma'lumotlarni darhol olish imkonini beradi. Bugungi kunda shifokorlar bemorning so‘zlariga tayanishmoqda.

«Aqlli tibbiyot» tizimi shifokorga smart-devayslar hamda axborot tizimlari yordamida bemor bilan aloqani qo‘llab-quvvatlashga yordam beradi.  Bemorning tanasiga mustahkamlangan maxsus chip yoki brasletlar qayerda bo‘lishidan qat'i nazar, uning salomatligi haqidagi muhim ma'lumotlarni shifokorga yuborib turadi. Bu tana harorati, arterial qon bosimi, qondagi qand miqdori to‘g‘risidagi ma'lumotlar, elektrokardiogramma bo‘lishi mumkin. Bunday axborot surunkali va yashirin kechuvchi kasalliklarni aniqlash, bemorning salomatligi holatini monitoring qilish, profilaktik davo choralarini tayinlash uchun zarur.

Yagona markaz va «Aqlli tibbiyot» tizimining ishga tushirilishi tashxis qo‘yishga ko‘mak beradigan zamonaviy kompyuter yordamchi dasturlarini amaliyotga joriy qilish imkonini beradi.

Loyihalarning amalga oshirilishi bemorlarni davolashda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qo‘llash bo‘yicha katta imkoniyatlarni ochadi. Ulardan qaysi biri birinchi navbatda joriy etilishi yaqin vaqtlarda aniqlanadi. Buning uchun Innovatsion rivojlanish vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi xodimlaridan iborat ishchi guruhlari tuzilgan. 

Top