Sport | 19:10 / 01.02.2018
24980
12 daqiqa o‘qiladi

Top-10. Qishning eng asosiy transferlari

31 yanvar kuni qishki transferlar darichasi yopildi. 1 yanvar kuni boshlangan transferlar oyida jamoalar avvalgi yillardagiga qaraganda faollik ko‘rsatishdi. Xususan, ingliz klublari transferlar uchun jami 430 million funtdan ortiq mablag‘ sarflab, rekordni yangilashdi.

Quyida yanvar oyida amalga oshirilgan 10ta asosiy transfer keltiriladi.

10. Uolkott «Everton»da

Foto: Premer liga

«Everton» yanvarda 3 futbolchi oldi - dastlab «Beshiktosh»dan Jyenk To‘sun 27 mln funt evaziga transfer qilindi, u o‘tgan yil yozida «MYu»ga ketgan Romelu Lukaku o‘rnini to‘ldirishi ko‘zda tutilgan. Keyinroq yanada jiddiy transfer amalga oshirildi - «Arsenal»dan Teo Uolkott 20 mln funt evaziga olib kelindi. 2006 yildan buyon London klubida to‘p surib kelgan Teoni «yangi Anri» deb atashgandi. U 2010-2013 yillarda jamoaning asosiy futbolchisiga aylandi, ammo keyingi yillarda jarohatlar uning o‘yini pasayishiga sababchi bo‘ldi, u 14 raqamida o‘ynasada, Anrining o‘rnini bosa olmadi va «imi-jimida» jamoani tark etdi (u tunda, jamoa bazasida hech kim yo‘qligida, buyumlarini chiqindilar uchun mo‘ljallangan idishga solib Liverpulga ketishiga to‘g‘ri keldi, u jamoadoshlari bilan xayrlashishga ham ulgurmadi).

«Arsenal»da qayta qurish davri boshlandi.  Jamoani Uolkottdan tashqari Aleksis Sanches, Jiru, Debyushi, Koklen ham tark etdi. Ularning o‘rniga Mxitaryan va Obameyang (Sanchesdan bo‘shagan 7 raqamini Mxitaryan, Uolkottdan bo‘shagan 14 raqamini Obameyang oldi) keldi, O‘zil va Uilsher bilan shartnomalar uzaytirildi.

Uolkott jamoaga kelishi bilan asosiy yetakchiga aylanib oldi. O‘tgan turda ilk bor ko‘k libosni kiygan futbolchi «Vest Bromvich» darvozasiga urilgan yagona golga assisentlik qilgandi. «Lester»ga qarshi 25-tur o‘yinida esa, uning ikki goli «Everton»ga g‘alaba olib keldi.

Liverpulliklar jamoasi oxirgi soatlarda «Manchester Siti»dan Eliakim Mangalyani mavsum oxiriga qadar ijaraga oldi.

9. «Barselona»da yana bir lotin amerikalik

Foto: Barselona

Samuel Umtitining kutilmaganda safdan chiqishi va Xaver Maskeranoning yanvarda jamoani tark etishi mumkinligi, hozirda maydonga tushayotgan Tomas Vermalenning istalgan paytda jarohatlanib qolish odati «Barselona»ni yanvar oyidayoq markaziy himoyachi sotib olishga undadi.

Asosiy nomzodlar sifatida La Ligada yoki Yevropada yetarli tajribaga ega bo‘lgan Inigo Martines, Kulibali va De Ligt tilga olingan bo‘lishiga qaramasdan, klub «Palmeyras»ning 22 yoshli kolumbiyalik himoyachisi Yyerri Minani sotib oldi. Kataloniyaliklar futbolchi uchun 12 million yevro atrofida pul to‘lashdi va futbolchi 2023 yilgacha klub bilan shartnomaga imzo chekdi. Minaning tovon puli 100 million yevro deb qayd etildi. Ko‘p muxlislar ushbu transfer haqidagi rasmiy xabardan keyingina Mina nomini ilk bor eshitishgan bo‘lsa-da, «Barselona» muxlislari uchun bu nom yangilik emas. Braziliya A Seriyasida esa, Mina haqiqiy yulduz va so‘nggi mavsumning eng yaxshi himoyachisi bo‘lgandi.

8. Olive Jiru Londonda qoldi, lekin boshqa jamoada

Foto: Tvitter

Ushbu 31 yoshli fransiyalik hujumchi Obameyangning transferi bir qismiga aylanib, «Arsenal»dan 17 mln yevro evaziga «Chelsi»ga yo‘l oldi.

2012 yildan buyon (u o‘sha yili «Monpele»dan Londonga kelgandi) «Arsenal»da hech kim Jirudan ko‘proq gol urmagan (253 uchrashuvda 105 gol). Oxirgi yillarda Olive asosiy tarkibga kira olmay qoldi, lekin u zaxiradan tushib ham jamoaning asosiy to‘purari Sanches bilan tengma-teng gol urdi. Ammo Obameyyang «Arsenal»ga kelishi uning ketishini talab qildi, gabonlik futbolchidan bo‘shayotgan o‘rinni «Chelsi» hujumchisi Mishi Bashtuayi to‘ldirishi kerak edi, u «Chelsi»da qoldirgan joyni esa Jiru borib egallaydigan bo‘ldi. Bu transfer uch tomonni ham qoniqtiradi, «Arsenal» zaxirada qolayotgan futbolchisi uchun yaxshigina mablag‘ga ega bo‘ldi, Jiru Kontening o‘yin uslubiga mos kelishi tufayli ko‘proq o‘ynashi mumkin, «Chelsi» esa Jyeko, Kerrol, Krauch va Lorente tomonidan rad etilgach, ulardan qolishmaydigan hujumchini qo‘lga kiritdi.

7. Lukas Moura Angliyada o‘z omadini sinab  ko‘radi

Foto: Sky Sports

Fransiyada imkoniyatlari to‘la ochilmagan braziliyalik futbolchi «PSJ»dan «Tottenhem»ga 25 mln yevro evaziga transfer qilindi.

U Neymar bilan birga Braziliya terma jamoasining yangi avlodida debyut qilgandi. Neymar hozirda jahon miqyosidagi yulduzga aylandi, Moura o‘z imkoniyatlarini yuzaga chiqara olmadi. Favqulodda tezkor va texnik imkoniyatlari yuqori bo‘lgan ushbu vingerga Di Mariya, Draksler va boshqa futbolchilar bilan raqobatda yutib chiqish uchun xarakter yetishmadi. Lukas talant borasida ularning hech biridan ortda qolmaydi. «Tottenhem»da u Maurisio Pochettino boshida barchasini boshidan boshlashi mumkin. Moura uchun bu transfer – o‘zini namoyon qilish va terma jamoa bosh murabbiyi Titeni o‘z salohiyatiga ishontirib, jahon chempionatiga borish uchun oxirgi imkoniyat bo‘lishi mumkin.

6. Emerik Laport. «Manchester Siti»da yana bir qimmatbaho himoyachi

Foto: Manchester Siti

Agar «Liverpul» bo‘lmaganida «Manchester Siti» yana himoyachilar bo‘yicha rekordni yangilagan bo‘lardi. «Atletik» himoyachisi Emerik Laport 65 mln yevro evaziga Angliyaga keldi. Uning transferi haqida bir necha yildan buyon gapirishayotgandi, ammo u basklar yurtini tark etishga shoshilmadi. Gvardiola uning transferida shaxsiy tashabbus ko‘rsatdi. Ushbu jismonan baquvvat, tezkor va hujumlarga yaxshi qo‘shiladigan ushbu futbolchi hozirgi «Manchester Siti» uchun mos variant, asosiysi u – birinchi pasda ajoyib harakat qiladi.

Top-10. Yozning eng qimmat transferlari

5. Diyego Kostaning qaytishi

Foto: La Liga

Diyego Kosta «Atletiko»ga qaytdi, uning transferi uchun madridliklar «Chelsi»ga 66 mln yevro to‘lab berishdi. Ushbu transfer bo‘yicha 2017 yil yozidayoq kelishvga erishib bo‘lingan, ammo FIFA taqiqi tufayli «Atletiko» Diyego Kosta transferini faqat 1 yanvar kuni e'lon qiloldi. Diyego o‘ziga xos tarzda «Chelsi»da barcha bilan janjallashdi, ultimatumlar qo‘ydi va nihoyat o‘z maqsadiga erishdi. «Visente Kalderon»da uni xarakteri og‘ir bo‘lsada, qotil-forvard, natija keltiradigan hujumchi sifatida qadrlashardi. Endilikda klub «Vanda Metropolitano»da o‘ynamoqda, Kosta esa o‘zgarmagan. Jamoa fanatlari bunday hujumchini yoqtirishadi. Diyego o‘z uyiga qaytgan.

4. Virjiyl van Deyk - dunyoning eng qimmat himoyachisi

Foto: Sky Sport

«Sauthempton» ushbu futbolchisi transferi uchun «Liverpul»dan 78 mln yevro oldi.

Keyingi 2 yilda «Liverpul» transfer bozorida to‘g‘ri harakatlanmoqda. Saloh, Mane, Firmino – bu yigitlar jamoaga salohiyatli iqtidorlar sifatida kelishgan, ammo ularning barchasi ishonchni oqlab, har qanday himoyani buzib o‘tuvchi mashinaga aylanishgan, ularning hujumkorligi Gvardiola jamoasini ham ojiz qoldirdi. «Liverpul»da hujum chizig‘i shunchaki a'lo darajada, ammo endi himoyani ham tartibga keltirish kerak edi. Klopp bu muammoni ham hal qildi – Virjiyl van Deyk katta narx evaziga bo‘lsada, jamoa himoyasini munosib tarzda kuchaytirdi. Hozircha uni dunyoning eng kuchli himoyachisi deb bo‘lmaydi, ammo u dunyoning eng qimmatbaho himoyachisi ekani fakt.

3. Per-Emerik Obameyyang

Foto: Arsenal

«Borussiya»dan «Arsenal»ga. 63 mln yevro evaziga.

U nemis klubida ish tashlash uyushtirdi, jamoa mashg‘ulotlariga kelmadi, kelsa ham kechikib keldi. Bir so‘z bilan aytganda, o‘zini qo‘yib yuborishlariga majburladi - uning «Borussiya»dagi davri yakuniga yetgandi. Germaniyada uning tezligiga golni his qilish qobiliyati qo‘shildi, uning zarbalari aniqligi oshdi. Gabonlik bu futbolchi gollarining 90 foizidan ortig‘ini raqib jarima maydoni ichkarisida turib urgan -  Per-Emerik Obameyyang o‘z pozitsiyasidagi eng yaxshi ijrochilardan biriga aylandi. U sermahsullikda oqsayotgan «Arsenal» uchun eng kerakli transfer bo‘ldi. «Borussiya» uning transferi evaziga yaxshigina mablag‘ va Mishi Batshuayini qo‘lga kiritdi.

2. Filippe Koutino - Kataloniyaga yangi qon

Foto: Marca

«Liverpul» ham ushbu yetakchisining injiqliklari ortida uni «Barselona»ga 120 million yevroga (bonuslar bilan qo‘shib hisoblanganda 160 mln yevro) pullashga majbur bo‘ldi.

Koutino futbol tarixida eng qimmatbaho qishki transferga aylandi. Yurgen Klopp Brendan Rojyersning ishini davom ettirdi va Koutinoni monstrga aylantirdi. Filippe esa faoliyatida yangi davr boshlash vaqti kelgan degan qarorga keldi. Endi uning genial golli paslari va uzoq masofalardan fantastik zarbalarini Ispaniya chempionatida kuzatamiz. U «Enfild»da yetakchi edi, ammo uning yuragi anchadan beri «Barselona» deb urayotgandi, u bu yerda katta g‘alabalarga erishishi mumkin. «Kamp Nou» Andres Inestaning o‘rinbosarini qarshi oldi.

1. Aleksis Sanches – Genrix Mxitaryan rokirovkasi

Foto: Tvitter

«Arsenal» va «Manchester Yunayted» o‘z futbolchilarini almashishi jarayoni qishki transferlar oyining eng asosiy mavzusi bo‘ldi. Bu transferning o‘ziga xos jihati jamoalar o‘z futbolchilarini hech qanday qo‘shimcha to‘lovlarsiz, birga-bir almashishdi. Shartnomasi muddati tugashiga hali bir necha yil bor bo‘lgan Genrix shartnomasi tugashiga yarim yil qolgan Aleksis bilan almashtirildi. Armanistonlik futbolchi Mourino jamoasida o‘ziga joy topa olmayotgandi, Aleksis esa sovrinlarga ega chiqishni istadi. Sanches Mourinoning injiq xarakterida o‘zini qanchalik namoyon qila oladi, Genrix Londonga kelganidan qanchalik mamnun bo‘ladi, buni ko‘ramiz. Agar ular o‘z maqsadlariga erishishsa bu transfer –  futbol tarixida keyingi yillardagi eng yorqin transfer kelishuviga aylanishi mumkin.

Mavzuga oid