O‘zbekiston | 20:38 / 02.02.2018
18881
2 daqiqa o‘qiladi

Mahallalarda xotin-qizlar bilan ishlovchi mutaxassis faoliyat ko‘rsatadi - Prezident farmoni

Foto: O‘zA

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning «Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni qabul qilindi.

Farmonga ko‘ra, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi va uning hududiy bo‘linmalari rahbarlari, eng avvalo, quyidagilar uchun shaxsan javobgar etib belgilanmoqda:

  • joylarda og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarni, shu jumladan, nogironligi bo‘lgan ayollarni o‘z vaqtida aniqlash, ular bilan yakka tartibda hamda aniq maqsadga yo‘naltirilgan ishlarni olib borish, ularni manzilli qo‘llab-quvvatlash;
  • xotin-qizlarning bandligini ta'minlash, ular o‘rtasida oilaviy va xususiy tadbirkorlikni, hunarmandchilikni rivojlantirish bo‘yicha amaliy choralarni amalga oshirish;
  • huquqni muhofaza qiluvchi organlar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va boshqa tashkilotlar bilan birgalikda xotin-qizlar o‘rtasida huquqbuzarliklar va jinoyatchilik profilaktikasini samarali tashkil etish, shu jumladan, ularning huquqiy madaniyatini oshirish va ma'naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash;

Farmon matniga ko‘ra, 2018 yil 1 apreldan fuqarolar yig‘inlarining diniy ma'rifat va ma'naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimi o‘rniga tegishli shtat birliklarini tuman (shahar) xotin-qizlar qo‘mitalari tuzilmasiga o‘tkazgan hamda mahalliy byudjyet mablag‘lari hisobidan moliyalashtirish tartibini saqlagan holda xotin-qizlar bilan ishlash va oilalarda ma'naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash bo‘yicha mutaxassis lavozimi joriy etiladi. Bunday mutaxassislar har bir mahallada bittadan, oilalar soni 2000 tadan ko‘p bo‘lgan mahallalarda ikkitadan joriy etiladi.

Шуҳрат Шокиржонов
Tayyorlagan Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid