O‘zbekiston | 22:08 / 02.02.2018
16040
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonning 9 ta shahrida chiqindini yig‘ish va qayta ishlash klasterlari ishga tushiriladi

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 2 fevral kuni ekologik holatni yaxshilash va atrof-muhitni muhofaza qilish borasidagi ishlarni tahlil etish, eng dolzarb vazifalarni belgilab olishga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Qolgan masalalar qatorida maishiy chiqindilarni qayta ishlash haqida so‘z borar ekan, Shavkat Mirziyoyev xorijiy davlatlar tajribasini o‘rganish va keng joriy etish zarurligini ta'kidladi.

Germaniya, Belgiya, Yaponiya, Gollandiya, Shvetsiya kabi mamlakatlarda 60-65 foiz maishiy chiqindi qayta ishlanadi, 20-25 foizidan energiya olinadi, qolgan qismi yoqiladi. Ya'ni chiqindini poligonlarda ko‘mishga ham ehtiyoj yo‘q, dedi Shavkat Mirziyoyev. Buning natijasida yer resurslari tejaladi, iqtisodiy samaraga erishiladi va atrof-muhitga salbiy ta'sir kamayadi.

Shundan kelib chiqib, joriy yilda mamlakatimizning 9 ta shahrida chiqindini yig‘ish va qayta ishlash klasterlarini ishga tushirish bo‘yicha topshiriq berildi. Bu borada Surxondaryoda tashkil etilgan klaster faoliyati namuna qilib ko‘rsatildi.

Shuningdek, Farg‘ona vodiysi, Jizzax, Sirdaryo, Toshkent viloyatlarida amalga oshiriladigan chiqindini qayta ishlash loyihalari bo‘yicha investorlar bilan bitimlar imzolash, loyiha hujjatlarini tayyorlash va moliyalashtirish yuzasidan “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.

Maishiy chiqindilarni utilizatsiya qilish ishlarini tizimli tashkil etish masalasi ham muhokama qilindi. Plastik, polietilen va boshqa qadoqlash materiallarini to‘plash, utilizatsiya qilish yoki qayta ishlashga topshirishda ishtirok etayotgan yuridik va jismoniy shaxslarni rag‘batlantirish mexanizmini joriy qilish zarurligi qayd etildi

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid