23:05 / 02.02.2018
17077

Janubiy Koreyaning Puchon universiteti Toshkentda filialini ochmoqchi  

Foto: UzDaily.uz

O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta'lim vazirligida 3 kun davomida Janubiy Koreyaning Puchon universiteti vakillari ish olib borishdi. Ularga universitet professori Li Dong Vuk boshchilik qilgan. Xorijiy mutaxassislarning bu tashrifi doirasida Janubiy Koreyadagi maktabgacha ta'lim tizimi, pedagogik xodimlarni tayyorlash va qayta tayyorlash, o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar yaratish, maktabgacha ta'lim yoshidagi bolalar bilan ishlashda multimedia materiallaridan foydalanish masalalari yoritildi. Shuningdek, bu tashrif davomida Maktabgacha ta'lim vazirligi mutaxassislari bilan o‘zaro hamkorlik masalalari muhokama qilingan.

Uchrashuv yakunlariga ko‘ra “Toshkentda Puchon universitetining filialini ochish istagi haqidagi” bayonnoma imzolangan. Bu filialda maktabgacha pedagogika va psixologiya fakulteti faoliyat yuritadi. Bayonnoma Maktabgacha ta'lim vaziri Agrippina Shin va Puchon universiteti professori Li Dong Vuk tomondan imzolangan.

Puchon universiteti Janubiy Koreyadagi eng nufuzli oliy ta'lim muassasalaridan biri hisoblanadi. Bugungi kunda universitetda 26 ta fakultet faoliyat yuritadi. Universitetda muhandislik, tabiatshunoslik, gumanitar fanlar va san'at yo‘nalishlari bo‘yicha o‘quv dasturlari taklif qilinadi. Universitetda maktabgacha ta'lim fakulteti va xorijiy talabalar uchun koreys tili markazi mavjud.

Top