Sport | 23:36 / 03.02.2018
31682
3 daqiqa o‘qiladi

Yosh basketbolchining oxirgi soniyadagi to‘p tashlashi uni AQSh yulduziga aylantirdi (video)

Foto: screenshot

AQShning Illinoys shtatidagi maktablardan birining o‘quvchisi Bleyk Piters basketbol uchrashuvi vaqtida o‘yinning oxirgi soniyasida butun maydon uzra raqib jamoa savatchasiga to‘pni bexato tashlab, o‘z jamoasiga g‘alaba olib kelgandan keyin mahalliy yulduzga aylandi. O‘smirning savatchani bexato “poylashi” videosi YouTube’da ommalashib ketdi.

O‘smirning Evanston Township jamoasi Maine South jamoasiga qarshi final uchrashuvning oxirgi soniyalarida 44:42 hisobida yutqazayotgan edi. Boz ustiga, raqib jamoa o‘smir jamoasi maydonida jarima to‘plarini amalga oshirayotgan bo‘lgan. Raqib jamoa o‘yinchisi savatchaga to‘pni tushira olmagandan keyin, to‘p Pitersning qo‘liga kelib tushadi. Shunda o‘smir hech ikkilanmay to‘pni o‘z maydonidan turib, o‘yin tugashi haqidagi signal yangarishidan oldin raqib savatchasi tomon uloqtirishga ulguradi va ne ajabki, uni savatchaga bexato yo‘llay oladi. 

Shundan keyin zalda bo‘lgan deyarli barcha o‘z hayajonini ushlay olmay, bunday vaziyatdan aql ozgudek bo‘lgan. Chikago OAV tomondan “afsona” deb nomlanayotgan 15 yoshli Piters WHNT19 News kanaliga bergan intervyusida “o‘z zimmasiga bunday javobgarlikni olishni istamagani” va to‘p uning qo‘liga kelib tushishidan qo‘rqqanini aytgan.          

“Chetdan hammasi yomonmasdek tuyuladi. Men savatchaga tusha olganimda, shokda edim. Bu ehtimol hayotimdagi eng yaxshi on bo‘lsa kerak”, deb aytgan o‘smir. Pitersning aytishicha, u bu “to‘p tashlashi”dan keyin o‘ziga bo‘lgan e'tibordan uch kun uxlay olmagan. Jumladan, uni Evanston shahri meri ham tabriklab, 29 yanvarni “Bleyk Piters kuni” deb e'lon qilgan.

O‘smirning aytishicha, u barchasi tezroq o‘z iziga qaytishini istamoqda. “Barcha tinchlanishini intiqlik bilan kutmoqdaman”, deb aytgan bunday “e'tibordan” gangib qolgan o‘smir.

Piters kollejda ham basketbol o‘ynashga tayyorligini, biroq Milliy basketbol uyushmasida karera qilishni o‘ylamayotganini aytgan. “Menga huquqshunoslik yoqadi va ehtimol, men u bilan shug‘ullansam kerak”, deb qo‘shimcha qilgan yigitcha.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid