Sport | 22:20 / 03.02.2018
5814
2 daqiqa o‘qiladi

Superliga jamoalari rahbarlari «Everton» klubida malaka oshiradilar

Foto: Getty Images

O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov Angliyaga tashrifi chog‘ida,  Angliya Futbol Assotsiatsiyasi rahbariyati bilan uchrashib, kelgusida ikki Assotsiatsiya o‘rtasida hamkorlik qilishga va o‘zaro tajriba almashish borasida suhbatlashgan va bu borada ikki tomonlama kelishuvga erishilgan edi.

Ushbu kelishuv asosida, «Lokomotiv», «Nasaf», «Paxtakor», «Buxoro» hamda «Bunyodkor» klublari direktorlari mart oyida Angliyaning «Everton» klubida malaka oshiradilar. 

Klublar rahbarlari tashrif davomida u yerdagi infratuzilma va sharoitlar, futbol sohasida Angliyada qo‘llanilayotgan yangi texnologiyalar borasida tajriba to‘playdilar.

Ta'kidlash lozim, Superliga vakillarini Angliyaning «Arsenal» klubiga malaka oshirishga jo‘natish uchun ham kelishuv amalga oshirilmoqda. Shuningdek, klublar direktorlarini Gollandiyaning «Ayaks» klubiga ham yuborish borasida ayni damda muzokaralar olib borilmoqda. Bu borada, har ikkala mamlakat futbol assotsiyatsiyalari bilan hamkorlik kelishuviga erishilgan.

Bu kelishuvlar albatta, mamlakatimizda futbol infratuzilmasi rivojiga foyda keltirishini Umid Ahmadjonov O‘FA rasmiy saytiga ma'lum qildi: «Ma'lumki, Angliya futbol infratuzilmasi, akademiyalar nufuzi va boshqa bir nechta jihatlar borasida dunyoda yetakchilardan hisoblanadi. Shu bois, Londonga qilgan tashrif chog‘ida kelgusida O‘zbekistondagi klublar direktorlarini aynan Angliyaga malaka va tajriba oshirish uchun jo‘natish borasida Angliya Futbol Assotsiatsiasi bilan hamkorlik kelishuviga erishdik. Bu, hamkorlik asosida O‘zbekistondagi klublar direktorlari dunyoning yetakchi futbol davlatlaridan birida to‘plagan tajribasini mamlakatimizda qo‘llashi va bu bilan O‘zbekistonda futbol infratuzilmasi rivojiga hissa qo‘shadilar deb, bemalol ayta olaman».

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid