10:12 / 05.02.2018
13215

“Kosonyog‘”ning filiali 

Qo‘lbola usulda qadoqlanib, savdoga chiqarilgan yog‘ mahsulotlarining sifatiga hech kim kafolat bermasligi tabiiy. Qolaversa, bunday mahsulotlar inson salomatligi uchun ham o‘ta zararlidir. Ammo mo‘may daromad ilinjida sanitariya talablariga javob bermaydigan joylarda tayyorlangan mahsulotlarni bozorga chiqarib sotayotgan “tadbirkor”larning borligi ham afsuslanarli, deb yozadi “Huquq” gazetasi.

Umrini mehnatda o‘tkazgan odam keksayganida ham tinib-tinchimasligi bor gap. Qandaydir yumush bilan bo‘lsa-da, vaqtini unumli o‘tkazgisi keladi. Mixli Qalandarov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) ham nafaqaga chiqqach, bekor turmay, uyidagilarga oz bo‘lsa-da yordam berish maqsadida kichik bir sex tashkil qilmoqchi bo‘ldi. Biroq otaxon bunday sexni tashkil etish uchun amaldagi qonun-qoidalarga rioya qilishni lozim ko‘rmadi. U avvaliga uyining yordamchi xonasiga qo‘lbola juvoz o‘rnatdi. Keyin ishlab chiqariladigan mahsulotni qadoqlash uchun kerak bo‘ladigan jihoz va idishlarni taxt qildi. Asosiysi, xaridorlar mahsulot sifatiga shubhaga bormasligi uchun “Kosonyog‘ 1-navli paxta yog‘i” so‘zlari aks etgan yorliq (etiketka)larni topib keldi. Hatto yog‘ ishlab chiqarilgan yil va oyni ko‘rsatuvchi tamg‘ani ham izlab topdi. Dastlab hammasi risoladagidek ketayotgandi. Juvoz yog‘i yelim idishlarga “Kosonyog‘ 1-navli paxta yog‘i” yorlig‘i ostida qadoqlanib, go‘yo zavoddan keltirilayotgandek bozorga chiqarila boshlandi. Kimdir bu qalloblikdan bexabar holda sifatsiz mahsulotni xarid qilar, yana kimdir “Kosonyog‘”ning “filialini ochibsiz-da, otaxon”, deya kinoya qilardi. Ammo “tadbirkor” otaxon gap-so‘zlarga beparvo qo‘l siltab, qonunga xilof ishini to‘xtatay demasdi.

Ko‘za kunda emas, kunida sinadi, deganlaridek, yashirin sex faoliyati fosh bo‘ldi. SVOJJDLQK departamentining Chiroqchi tuman bo‘limi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tadbirda M.Qalandarovning uyidan 235 litr iste'molga yaroqsiz yog‘ mahsuloti, yelim idishlar, yorliq va tamg‘a, jami 3 mln 445 ming so‘mlik mahsulot va vositalar ashyoviy dalil sifatida hujjatlashtirib olindi.

Mixli Qalandarovga qilmishi uchun qonun oldida javob berishiga to‘g‘ri keldi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Chiroqchi tuman sudi tomonidan unga 1 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

Top