09:42 / 06.02.2018
24877

“Yashil” yo‘lak orqali behayo materiallarni olib kirishga uringan shaxs aniqlandi

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati

Ma'lumki, joriy yilning 1 yanvaridan boshlab respublikaning barcha xalqaro aeroportlari qatorida “Termiz” xalqaro aeroportida ham ikki yo‘lakli tizim amaliyotga tatbiq etildi.

2018 yilning yanvar oyida “Termiz” xalqaro aeroporti orqali 2,8 mingga yaqin yo‘lovchilar parvoz qilishgan bo‘lsa, ularning 97 foizi bojxona maskani orqali harakatlanishida “yashil yo‘lak”ni tanlaganlar.

Ta'kidlash joizki, ikki yo‘lakli tizim orqali bojxona nazoratidan o‘tkazish birinchi navbatda yurtimizga kirib kelayotgan sayyohlar hamda yo‘lovchilarning vaqtini tejab, ortiqcha ovorachilikning oldini oladi.

O‘zbekiston Respublikasidan xorijga chiqayotgan yoki mamlakatga kirib kelayotgan yo‘lovchilar bilan suhbatlashilganda, ularning aksari ushbu tizim haqida xabardor bo‘lib, mazkur yangilikni mamnuniyat bilan qabul qilganliklarini ta'kidlashmoqda.

Ta'kidlash o‘rinliki, ushbu tizimda endilikda yo‘lovchilar bojxona operatsiyalarini amalga oshirish maqsadida notijorat maqsadlar uchun mo‘ljallangan tovarlarni deklaratsiyalash shakli sifatida “yashil” yoki “qizil” yo‘lakni mustaqil ravishda tanlashadi. Shu o‘rinda aytish kerakki, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi yoki rezidentlari tomonidan ekvivalenti 2000 AQSh dollariga teng naqd xorijiy valyutalarni olib kirish va olib chiqishda deklaratsiyalash majburiy emasligi ko‘zda tutilsa-da, xorijga chiqib ketishda ekvivalenti 5000 AQSh dollaridan ortiq miqdordagi naqd xorijiy valyutani Markaziy bank ruxsatnomasi bilangina deklaratsiyalash yo‘li orqali olib chiqib ketishga yo‘l qo‘yiladi.

Naqd xorijiy valyutani olib kirishda esa hech qanday cheklovlar yo‘q. Bundan tashqari, jismoniy shaxslarga quyidagilar ruxsat etiladi:

- Chegaradosh davlatlardan bojsiz olib kirish normasi 10 AQSh dollari, chegaradosh bo‘lmagan davlatlardan esa 1000 AQSh dollari miqdoridagi tovarlarni olib o‘tish,
- O‘zbekiston Respublikasi milliy valyutasi “so‘m”ni eng kam ish haqining 5 barobar miqdoridagi summani hech qanday to‘siqsiz olib o‘tish,
- Harakatlanayotgan fuqaro buyumlari orasida taqiqlangan tovarlar mavjud bo‘lmaganda, yonidagi narsalarni og‘zaki ma'lum qilib, bemalol yashil yo‘lak orqali harakatlanishi mumkin bo‘ladi.

Ammo yashil yo‘lakdan o‘tayotgan shaxs taqiqlangan yoki belgilangan me'yorlardan ortiq tovar va naqd valyutalar yuzasidan bojxonachida shubha uyg‘otsa, ularga nisbatan bojxona nazorati shakllari qo‘llanilishi mumkinligini unutmasligimiz kerak. Va ushbu jarayonda bojxona qoidabuzarlik holati fosh etilsa, u xolda jismoniy shaxs bojxona qonunchiligiga muvofiq javobgarlikka tortiladi.

Aytish kerakki, yuqorida keltirilgan barcha qulaylik va imkoniyatlarning tub zamirida eng avvalo inson manfaatlari mujassamdir.

Lekin ming afsuski, oramizda bu kabi qulayliklardan oqilona foydalanish o‘rniga, “yashil yo‘lak” orqali o‘tishni “o‘z qarichi” bilan chamalab, bojxonachilarni aldashga urinayotgan fuqarolar ham uchrab turibdi.

2018 yil 21 yanvar kuni “Termiz aeroporti” chegara bojxona postida “Moskva-Termiz” yo‘nalishi bo‘yicha uchib kelgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi R.N. “yashil yo‘lak” orqali bojxona nazoratidan o‘tish vaqtida, uning telefoni xotirasida O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish taqiqlangan 19 dona pornografik mazmundagi materiallar borligi aniqlandi va xolislar ishtirokida tegishli protsessual hujjatlar rasmiylashtirildi. 

Natijada, mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv materiali yuritilib, ko‘rib chiqishlik uchun Surxondaryo viloyati ma'muriy sudiga yuborilgan.

Top