Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Obameyangning golli debyuti, 5 kunda 2 bor yutqazgan «Chelsi». APLda hech kimni zeriktirmagan tur
«Tribuna» Angliya chempionatining 26-turidagi asosiy voqealarni eslab o‘tadi.
Konte iste'fo yoqasida
Angliyaning amaldagi chempioni qatorasiga ikki o‘yinda turnir jadvalidagi o‘rtamiyonalarga 3ta to‘p farqi bilan yutqazmoqda. O‘tgan haftaning chorshanba kuni «Chelsi» «Bornmut» tomonidan mag‘lub etilgandi (3:0), dushanba kuni esa «Uotford» Londonda Kurtua darvozasiga 4ta gol urdi (1:4). Ikkinchi o‘yinda Konte shogirdlarining yirik mag‘lubiyatini oqlovchi sabab ham bor: 30-daqiqadayoq Bakayoko maydondan chiqib ketishga majbur bo‘ldi. Ammo 4ta gol haddan tashqari ko‘p. «Uotford»ning birinchi goli penaltidan urildi, Dini golni mezbon jamoa muxlislariga o‘rta barmoqlarini ko‘rsatgan holda nishonladi. Endi u bu qilig‘i uchun Angliya futbol assotsiatsiyasi oldida javob berishiga to‘g‘ri keladi.
Konte esa Roman Abramovich oldida javob berishi kerak. «Chelsi» o‘yinning 82-daqiqasida hisobni qisqartirgan, Azarning goli jamoani qutqarib qolayotgandek edi, ammo so‘nggi daqiqalarda jamoa 3ta gol o‘tkazib yubordi. Endi, Konte ayni vaqtda bukmekerlik idoralarida iste'fosiga faol ravishda stavkalar qabul qilinayotgan murabbiyga aylandi. Ammo u o‘yindan keyingi matbuot anjumanida bosh chayqab, o‘zining iste'fosi haqidagi savolga javob qaytardi: «Bosim? Qanaqa bosim? Nima degani u bosim? Men o‘z joyimdaman va hech narsa o‘zgargani yo‘q».
Klopp va uning jazolanish xavfi
«Liverpul» va «Tottenhem» o‘yini tur bezagi bo‘ldi. Ayniqsa, o‘yinning finish qismi. 15 daqiqa ichida darvozalar oldidagi 4 syujyet. Bunday o‘yinlar mojarosiz kechmasligi tayin edi. «Liverpul»da o‘yin hakami Jonatan Mossga penaltilar bo‘yicha qator savollar tug‘ildi. Van Deyk mikst-zonada jahlga mindi: «Birinchidan, birinchi penalti bilan bog‘liq vaziyatda Keyn ofsaydda edi. Lamela bilan bog‘liq vaziyatda esa u simulyatsiya ishlatdi. Men foldan qochgandim. U ataylab menga sirg‘alib sho‘ng‘iganini hamma ko‘rdi. Birinchi vaziyatda Keyn ham simulyatsiya ishlatgandi».
Klopp esa matbuot anjmuni vaqtida g‘azabga mindi: «Men juda g‘azabnokman. Ammo men hech narsani o‘zgartira olmayman. Nimayam qila olardim. Matbuot uchun sarlavhalar topib berayinmi? Nimalar o‘ylayotganimni tilimga chiqarsam, futbol tarixidagi eng katta jarimalarni to‘lashimga to‘g‘ri keladi». Kloppni jazolamang, uning «Liverpul»i mavsumni bezamoqda.
Bu voqealar fonida bir jihatni unutmaslik kerak, bu o‘yinda Keyn premer ligadan yuzinchi golini urdi.
Obameyang va Mxitaryan. «Arsenal»da ham «Borussiya»dagi kabi
Dortmundda ham, Londonda ham Obameyang-Mxitaryan juftligi juda yaxshi o‘ynadi. Shanba kuni «Everton»ga qarshi o‘yinda gabonlik va armanistonlik bu futbolchilar «Arsenal» safida birgalikda maydonga chiqishdi va yangilangan jamoaning «irislar» ustidan yirik g‘alabasini ta'minlab berishdi. O‘yin qahramoni het-trikka erishgan Remsi bo‘ldi, ammo Mxitaryan ham 3ta golga pas berdi. Taqqoslash uchun uning o‘rniga «Manchester Yunayted»ga ketgan Aleksis Sanches joriy mavsumda 17 o‘yinda 3ta golli pas mualli muallifi bo‘lgandi. Obameyang uchun bu o‘yin «Arsenal»dagi debyut edi va u birinchi o‘yindanoq gol urishni boshlab yubordi.
Bundan tashqari boshqa gollarda ham qatnashdi.
Sterling xato qildi - «Siti» qoqildi
Bu mavsumda «Byornli» va ushbu kamtar jamoa ustozi Shon Daych barchaning tiliga tushmoqda. Ular bu turda «Manchester Siti»dan ochko olishdi. Buning uchun Sterlingga ham rahmat aytish kerak, hisob «shaharliklar» jamoasi foydasiga 1:0 bo‘lib turganida u juda yaqin masofadan turib bo‘sh qolgan darvozaga gol ura olmadi va raqibga durangga erishish uchun imkoniyat qoldirdi.
«Byornli» bundan foydalandi: o‘yin oxirida himoyachi Gudmundsson Ederson darvozasini ishg‘ol etdi. «Shunday holatlar ham bo‘lib turadi. Keyingi safar albatta u gol uradi», dedi o‘yindan keyin Pep Gvardiola. «Siti» raqib bilan ochkolarni bo‘liib oldi, ammo 26 turdayoq 69 ochko to‘plab bo‘lgan jamoa peshqadamlikni davom ettirmoqda. Qayd etish kerakki, Manchesterning boshqa bir jamoasi «Manchester Yunayted» o‘tgan mavsumda 38 tur davomida 69 ochko jamg‘argandi.
Aleksis o‘yinda eng yaxshisi. Endi «MYu»da
«Tottenhem»ga qarshi mag‘lubiyatli o‘yindan keyin «Manchester Yunayted» «Haddersfild»dan o‘ch oldi va debyutantni «xavfli zona»ga yubordi. O‘yinda Aleksis Sanches yangi jamoasi uchun birinchi golini urdi. U nafaqat gol urishi bilan, balki, o‘yinning eng yaxshi futbolchisi bo‘lgani bilan taassurot qoldirdi. Chililik futbolchi o‘yinni rostan ham a'lo darajada o‘tkazdi va mavsumning noodatiy rekordini o‘rnatdi: «Haddersfild» futbolchilari uni to‘xtatib qolish uchun 7 marta fol ishlatishiga to‘g‘ri keldi. Darvoqe, «Old Trafford»da muxlislar uni ajoyib kutib olishdi, o‘yin davomida tribunada Sanches o‘zining sevimli kuchukchalari Atom va Hamber bilan birga tushgan surat banneri osig‘liq turdi.
Angliya chempionatida 26-tur o‘yinlari
«Lester» - «Suonsi» - 1:1 (1:0).
Gollar: Vardi, 17 (1:0). Fernandes, 53 (1:1).
«Manchester Yunayted» - «Haddersfild» - 2:0 (0:0).
Gollar: Lukaku, 55 (1:0). Sanches, 68 (2:0).
«Vest Bromvich Albion» - «Sauthempton» - 2:3 (1:2).
Gollar: Xegazi, 4 (1:0). Lemina, 40 (1:1). Stivens, 43 (1:2). Uord-Prouz, 55 (1:3). Rondon, 72 (2:3).
«Arsenal» - «Everton» - 5:1 (4:0).
Gollar: Remsi, 6 (1:0). Koselni, 14 (2:0). Remsi, 19 (3:0). Obameyang, 37 (4:0). Kalvert-Lyuin, 64 (4:1). Remsi, 74 (5:1).
«Byornli» – «Manchester Siti» 1:1 (0:1)
Gollar: Gudmundsson (82) – Danilo (22).
«Brayton» – «Vest Hem» - 3:1 (1:1, 2:0)
Gollar: 1:0 – 8 Myurrey, 1:1 – 30 Ernandes, 2:1 – 59 Iskerdo, 3:1 – 75 Gross.
«Bornmut» – «Stok Siti» - 2:1 (0:1, 2:0)
Gollar: 0:1 – 5 Shakiri, 1:1 – 70 King, 2:1 – 79 Musse.
«Kristal Pelas» - «Nyukasl Yunayted» - 1:1 (0:1).
Gollar: Diame, 22 (0:1). Milivoyevich, 55 - penalti (1:1).
«Liverpul» - «Tottenhem» - 2:2 (1:0).
Gollar: Saloh, 3 (1:0). Vanyama, 80 (1:1). Saloh, 90+1 (2:1). Keyn, 90+5 - penalti (2:2). Aniq bajarilmagan penalti: Keyn, 87 (darvozabon)
«Uotford» - «Chelsi» - 4:1 (1:0).
Gollar: Dini, 42 - penalti (1:0). Azar, 82 (1:1). Yanmat, 84 (2:1). Deulofeu, 88 (3:1). Pereyra, 90+1 (4:1).
Mavsum to‘purarlari

Turnir jadvali