Jamiyat | 09:37 / 10.02.2018
18907
3 daqiqa o‘qiladi

Farg‘onada vazifasiga sustkashlik bilan qaragan tibbiyot xodimlariga nisbatan qat'iy choralar ko‘rildi 

Farg‘ona viloyati birlamchi tibbiy-sanitariya xizmati bo‘yicha  o‘tkazilgan tekshirishlar natijasida hududda o‘z vazifasini sustkashlik bilan bajarib kelayotgan tibbiyot xodimlari ham borligi ma'lum bo‘ldi, deb xabar berdi KUN.UZ’ga Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati.

Farg‘ona viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasining mas'ul xodimi A.Nigmanova viloyatdagi barcha birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida patronaj ishlari, tor soha mutaxassislari ko‘riklarini talab darajasida tashkil etmagani va berilgan topshiriqlarga yetarli darajada e'tibor qaratmaganligi sababli o‘z egallab turgan lavozimidan ozod etildi. 

Rishton tumani tibbiyot birlashmasi boshliq o‘rinbosari O. Qosimova, tuman tibbiyot birlashmasi ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasi mas'ul xodimi M. Rahmonova hamda bolalar bo‘limi mas'ul xodimi M.G‘aniyeva tuman aholisini tibbiy patronaj ko‘rigi bilan qamrab olish ishlarini talab darajasida bajarmaganligi, tibbiyot bo‘yicha berilgan topshiriqlarni   sust bajargani uchun vazifasidan ozod etildi. 

Rishton tumanida “103” tez tibbiy yordam xizmati ishlarini talab darajasida tashkil etmaganligi, davlatimiz rahbarining 2017 yil 30 martdagi selektor yig‘ilishda shoshilinch tibbiy yordam xizmati faoliyatini tashkil etishni yanada takomillashtirish bo‘yicha bergan topshiriqlari ijrosini ta'minlamaganligi uchun tuman tibbiyot birlashmasi tez yordam bo‘limi mudiri M.Boltaboyev  hamda bo‘lim mutasaddi xodimi D.Burxonovalar egallab turgan lavozimidan ozod etildi. 

Shuningdek, viloyatda o‘tkazilgan tekshirishlar natijasida Bog‘dod tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i Yu. Abdusattorov, Qo‘shtepa tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i B. Abdurahmonov, Toshloq tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i T. Mamajonov, Rishton tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i M. Tursunxo‘jayev, Oltiariq tuman ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasi mudiri Sh. Buzrukovlarning boshqaruvda yo‘l qo‘ygan kamchiliklari tufayli aholining tibbiy yordamga muhtoj qatlamiga birlamchi tibbiy-sanitariya xizmati talab darajasida ko‘rsatilmagan va natijada faoliyatda qator kamchiliklar kuzatilgan. Shu munosabat bilan ularning 3 oylik maoshi davlat hisobiga o‘tkazildi. 

 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid