21:30 / 11.02.2018
21749

Yangiyo‘llik yolg‘onchiga jinoiy ish qo‘zg‘atildi

Foto: KUN.UZ

Yangiyo‘llik fuqaro 5 mln so‘mga yaqin qarzini to‘lamaslik uchun o‘ziga nisbatan bosqinchilik jinoyatini uyushtirgani sababli jinoiy javobgarlikka tortiladigan bo‘ldi. Toshkent viloyati IIB matbuot xizmatining xabar qilishicha, joriy yilning 8 fevral kuni Yangiyo‘l tumani Eski Qovunchi mahallasida yashovchi fuqaro A.M. tuman IIBga murojaat qilib, unga nisbatan bosqinchilik jinoyati sodir etilganini ma'lum qilgan. 

U “Matiz” rusumli avtomashinasiga Yangiyo‘l shahri hududida yoshi taxminan 25-30 larda bo‘lgan ikki nafar shaxslarni yo‘lovchi sifatida chiqarib, ularni belgilangan manzilga olib borgan vaqtida, avtomashinaning orqa tomon o‘rindig‘ida o‘tirgan noma'lum shaxs uni sochidan tortgan holda, yonida bo‘lgan lezviyani bo‘yniga tirab, qimirlamasligini talab qilgani, avtomashina old o‘rindig‘ida o‘tirgan jinoiy sherigi esa avtomashina g‘aladoni (bardachok) ichida bo‘lgan 450.000 so‘m puli hamda egnidagi sport kurtkasini o‘ng yon cho‘ntagida bo‘lgan 300 AQSh dollarini bosqinchilik yo‘li bilan olib ketganini bildirgan. Bu jarayonda lezviya bilan uning bo‘yin sohasi kesib yuborilganligini ma'lum qilib, aslida unga nisbatan sodir etilmagan bosqinchilik jinoyati to‘g‘risida ichki ishlar organlariga xabar bergan. O‘z-o‘ziga tan jarohati yetkazib, ayblovning sun'iy dalillarini vujudga keltirgan. Uning asl maqsadi boshqa fuqarolardan olgan 4.850.000 so‘m qarzlarini to‘lashdan qochish bo‘lib, yolg‘on xabar bergan.

A.M.ning vajlari har tomonlama va to‘la tekshirilib, yo‘lovchilarni olganligini ma'lum qilgan binolarning atrofida joylashgan kuzatuv kameralari serverlari tekshirilganda, ayni shu vaqtda “Matiz” rusumli avtomashinaga ikki nafar yo‘lovchi chiqmagani aniqlangan. Qolaversa, avtomashinadan olib ketilgan 450.000 so‘m pulni tanishi J.I.dan olganligini ma'lum qilgan bo‘lsada, aslida shu kuni soat 23:00 larda J.I. Yangiyo‘l tuman hududida bo‘lmagan va A.M.ga qarz hisobiga umuman pul bermagan. 

A.M. o‘ziga o‘zi tan jarohati yetkazgandan keyin tibbiy muolaja olish uchun tuman shifoxonasiga murojaat qilmasdan, qarz bo‘lgan shaxslar orasida ushbu jinoyat sodir bo‘lganligi haqidagi gap so‘zlar tarqalishiga erishish uchun yashash manziliga borib, turmush o‘rtog‘i D.M.ga qarindoshlariga qo‘ng‘iroq qilib, ushbu holatdan xabardor qilishni aytgan. U shu yo‘l bilan jinoyat sodir bo‘lganiga ishontirib, og‘ir turdagi jinoyat sodir bo‘lgani haqida yolg‘on xabar bergan.

A.M.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 237-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. 

Top