Jahon | 11:30 / 14.02.2018
8801
3 daqiqa o‘qiladi

IShID o‘z e'tiborini xalqaro teraktlar amalga oshirishga qaratadi – AQSh milliy razvedkasi 

Deniyel Kouts. Foto: AP Photo/Andrew Harnik

IShID terrorchilik tashkiloti Iroq va Suriyadagi otryadlarini qayta guruhlab, dunyo miqyosida teraktlar amalga oshirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda AQSh milliy razvedkasi direktori Deniyel Kouts AQSh senatining razvedka bo‘yicha maxsus qo‘mitasidagi yig‘ilishda aytib o‘tdi.

“Bizning baholashimizcha, IShID e'tiborini Iroq va Suriyadagi otryadlarini qayta guruhlash, dunyodagi ishtirokini mustahkamlash, manfaatlarini himoya qilish, xalqaro teraktlarni rejalashtirish va o‘z tarafdorlarini yashaydigan davlatlarida hujumlar amalga oshirishga undashga qaratadi”, deb aytgan Kouts. 

Uning ta'kidlashicha, guruhning o‘zagi “o‘zining halifalikni tiklash strategiyasi doirasida Iroq va Suriyada faol isyonchilik faoliyatini boshladi va uni qo‘llab-quvvatlaydi”. “Bu faoliyat mahalliy hukumatning guruhga qarshi aksilterrorchilik urinishlarini murakkablashtiradi va AQShning mintaqadagi manfaatlariga xavf soladi”, deb ta'kidlab o‘tgan Kouts.  

Milliy razvedkasi boshlig‘ining ta'kidlashicha, “ko‘plab davlatlarda keskinlik oshib boradi va sunniy ekstremistik guruhlar tomonidan tahdid ular Yaqin Sharqdagi mag‘lubiyatdan keyin tiklanib borgani sari ortib boradi”. “Sunniy ekstremistlar, birinchi navbatda “Al-Qoida” va IShID butun dunyoda AQSh manfaatlari va ittifoqdoshlariga xavf soladi. Ular hamon AQShga va uning xorijdagi manfaatlariga tahdid qilish niyatida, biroq ularning hujumlari ko‘proq ixtilofli hududlarda sodir etiladi”, deb aytgan Kouts.  

Koutsning qo‘shimcha qilishicha, “Al-Qoida” Afg‘oniston, Yaman, Suriya va Somalidagi ixtiloflarda ishtirok etishni davom ettiradi, uning yetakchilari o‘z tarafdorlaridan G‘arb davlatlarida teraktlar sodir etishni talab qilishi mumkin, biroq ularning bu chaqiriqlari hujumlar soni oshishiga olib kelishi dargumon”.  

Koutsning ta'kidlashicha, Eron va uning strategik sherigi bo‘lgan “Hizbulloh” harakati ham AQSh va uning hamkorlariga doimiy ravishda xavf solib keladi. 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid