Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Prezident bog‘cha yerlaridan foydalanmoqchi bo‘lgan “xomxayol” tadbirkorlarni tanqid ostiga oldi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 14 fevral kuni maktabgacha ta'lim tizimini isloh qilish va rivojlantirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi tahliliga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Bu haqda prezident rasmiy sayti xabar bermoqda.
Yig‘ilishda davlat-xususiy sheriklik asosida nodavlat bog‘chalar tarmog‘ini kengaytirish masalasi ham ko‘rib chiqildi. Hududlarga biriktirilgan tijorat banklari va tadbirkorlar tomonidan 2018 yilda jami 222 ming nafar bolaga mo‘ljallangan 3 mingdan ziyod nodavlat bolalar bog‘chasini tashkil etish rejalashtirilgan. Shundan 1 ming 200 tasi yangi quriladigan binoda, 1 ming 360 tasi mavjud binolarda va 470 tasi uy bog‘chasi sifatida tashkil etiladi.
Joylarda bu borada qator ishlar boshlangani, lekin Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm va Navoiy viloyatlarida sust borayotgani qayd etildi. Ayrim rahbarlarning uzoqni ko‘ra olmasligi va davlat siyosatini tushunmasligi oqibatida ishlab turgan davlat bog‘chalarini xususiylashtirish va tadbirkorlarga berib yuborishga urinish holatlari kuzatilmoqda. Bu esa aholining o‘rinli va jiddiy e'tiroziga sabab bo‘lmoqda.
Shu bois tadbirkorlarga ishlamay turgan bog‘chalarni berish, binoni ta'mirlab va jihozlab ishlatish vazifasini qo‘yish zarurligi ta'kidlandi.
Xususiy bog‘cha uchun yaxshi joydan yer, bino va imtiyozli kredit olib, qurilgan yoki ta'mirlangan binodan 1-2 yildan keyin boshqa maqsadda foydalanaman, degan “xomxayol” bilan yurgan “qo‘shtirnoq ichidagi tadbirkorlar” ham bor, dedi Prezidentimiz. Shu sababli hokimliklar xususiy bog‘chalar uchun yer va bino ajratish, banklar esa kredit berish to‘g‘risidagi o‘z qarorlarida bunday binolardan kamida 15-20 yil davomida bog‘cha sifatida foydalanish zarurligi to‘g‘risidagi shartlarni nazarda tutishi kerak.
Davlat-xususiy sheriklik asosida xususiy bog‘chalar tashkil etish bo‘yicha ham qator vazifalar belgilandi.
Moliya vazirligiga Nodavlat maktabgacha ta'lim muassasalarini rivojlantirish jamg‘armasini tuzish, Jamg‘arma mablag‘larini nodavlat bolalar bog‘chalari uchun bino va inshootlarni xarid qilish, yangidan qurish, rekonstruksiya qilish va ta'mirlash ishlariga imtiyozli stavkada kredit ajratishga yo‘naltirish topshirildi.
Maktabgacha ta'lim vazirligiga davlat-xususiy sheriklik asosida bog‘chalarni tashkil etish modellari, davlat va xususiy sherikning xuquqlari va majburiyatlari, bog‘chalarni malakali kadrlar bilan ta'minlash bo‘yicha nizom loyihasini ishlab chiqishni tezlashtirish vazifasi qo‘yildi.
Hokimliklar va banklarga 2018 yilda tashkil etiladigan 3 mingdan ziyod xususiy bog‘chaning har biri bo‘yicha yer, bino va kredit ajratish, bog‘chalarni ishga tushirish muddatlari aniq belgilangan jadvallarni ishlab chiqish va tasdiqlatish yuzasidan ko‘rsatma berildi.
Mavzuga oid
19:24 / 07.04.2026
Toshkent viloyatida bolani uxlamagani uchun haqoratlab, urgan tarbiyachi ishdan bo‘shatildi
12:58 / 13.03.2026
Maktabgacha ta’limda ishlovchi pedagoglar uchun dual ta’lim yo‘lga qo‘yiladi
08:25 / 26.02.2026
Jizzaxda ta’lim tizimi rahbari pora bilan qo‘lga tushdi
10:11 / 06.02.2026