O‘zbekiston | 17:09 / 19.02.2018
14409
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston-Qirg‘iziston-Xitoy yangi transport yo‘li foydalanishga shay

Foto: Tashqi savdo vazirligi

O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi (O‘zADTA) vakillari «Toshkent-Andijon-O‘sh-Irkeshtom-Qashg‘ar» yangi transport koridori bo‘ylab eksport yukining birinchi kolonnasini yuborishga tayyorligini bildirdi. Bu haqda Tashqi savdo vazirligi Matbuot xizmati tarqatgan ma'lumotga tayangan holda Kun.uz muxbiri xabar beradi.​

Ma'lum qilinishicha, O‘zbekiston va qo‘shni davlatlar eksportchilarining mahsulotlari yukni qabul qiluvchilargacha «Silk Road International​» MChJ avtotransport vositalari yordamida yetkaziladi. Oxirgi manzil, Qashg‘ar shahriga yetib kelgandan so‘ng, kolonna orqaga import mahsulotlarini yuklagan holda yo‘lga chiqadi. Rasmiy xabarga ko‘ra, mazkur koridordan foydalanish imkoniyati 25 fevraldan boshlab paydo bo‘ladi. 

«Ushbu loyihaning amalga oshirilishi avtotashuvchilarga uch davlat hududida to‘siqlarsiz muntazam ravishda yuk tashish imkonini beradi, — dedi kirish so‘zida Tashqi savdo vaziri o‘rinbosari Sohib Saifnazarov. — Bu o‘zaro mahsulot almashish hajmiga ijobiy ta'sir ko‘rsatadi va O‘zbekiston, XXR va Qirg‘izistonning mavjud tranzit salohiyatini butunlay ishga solishga yo‘l beradi».

Foto: Tashqi savdo vazirligi

«O‘zbekiston — Qirg‘iziston — Xitoy» yangi avtomobil koridorini yo‘lga qo‘yish tashabbusi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017 yilning may oyida Xitoy Xalq Respublikasiga amaliy tashrifi davomida ilgari surilgan, tashrif davomida ikki davlat o‘rtasida Xalqaro avtomobil xabardorligi to‘g‘risidagi hukumatlararo Kelishuv imzolangandi.

Shuningdek, 5 fevral kuni «Toshkent - Andijon - O‘sh - Irkeshtom - Qashg‘ar» yangi transport koridori bo‘ylab eksport-import yuk qatnovini tashkil qilish uchun «Silk Road International​» MChJ qo‘shma korxonasi tuzildi. Uni jihozlash uchun birinchi bosqichda 80 ta avtomobil vositalari jalb qilinadi va shu yilning oxirigacha ularning soni 200 ga yetadi. Kelgusida, yuk tashish hajmidan kelib chiqib, jalb qilinuvchi avtotransport vositalari soni oshib boradi.

Keltirib o‘tilgan tadbirlar shu yilning oxirigacha yangi yo‘nalish bo‘yicha 100 ming tonnaga yaqin eksport-import yuklarini tashishni ta'minlash imkonini beradi. Bugungi kunga kelib, kelgusi uch oy davomida 27 ming tonna hajmdagi tashqi savdo yukini tashish uchun talabnoma mavjud.

Tashqi savdo vaziri o‘rinbosari Sohib Saifnazarovning ta'kidlashicha «yangi yo‘nalishga katta qiziqish, birinchi o‘rinda, yukni qisqa fursatlarda yetkazish bilan bog‘liq. Agar avval amal qilgan koridor bo‘ylab yuk O‘zbekistondan Xitoygacha 8-10 kunda yetkazib borilgan bo‘lsa, yangi yo‘nalishda bu 2 kun vaqtni talab qiladi xolos. Shu bilan birga zarurat tug‘ilganda shoshilinch yuk bir sutka davomida ham yetkazilishi mumkin».

Bundan tashqari muhim omillardan biri — yuk tashishning narxi hamdir. Shunday qilib, ishlab chiqilgan konteynerlar va yig‘ma yuklarni tashishning kelishuvga mos shaffof tariflar tizimi, har bir yuk partiyasini yetkazish davomida 300 dan 500 dollargacha mablag‘ni tejash imkonini beradi, bu esa yiliga xarajatlarni 2,5 million dollargacha qisqartirishga olib keladi va shubhasiz mahsulot tannarxi hamda uning raqobatbardoshligiga ijobiy ta'sir qilmay qolmaydi.

Qo‘shimcha sharoitlar yaratish uchun respublikaning yuk jo‘natuvchi va yuk qabul qiluvchilar uchun Andijon viloyatida «Axtachi» stansiyasi terminali negizida multimodal transport-logistika markazi yaratilgan, u esa yukni O‘zbekistonning barcha nuqtasidan Andijongacha temir yo‘l transporti orqali va keyin Xitoygacha avtotransportda yetkazish imkonini beradi.

Mavzuga oid