O‘zbekiston | 18:40 / 23.02.2018
9667
3 daqiqa o‘qiladi

Bandlik va mehnat munosabatlar vazirligi 2017 yil yakunlari bo‘yicha hisobot berdi

Foto: KUN.UZ

2017 yilda aholi bandligini ta'minlash yo‘lida hududiy bandlikka ko‘maklashish markazlari tomonidan 229,9 ming nafar fuqaro ishga joylashtirildi va 27,1 ming kishi jamoat ishlariga jalb etildi. Shu bilan birga, 6,6 ming kishi kasbga o‘qitildi va qayta tayyorlandi. Bundan tashqari, 10,4 ming kishiga ishsizlik nafaqasi tayinlandi. KUN.UZ muxbiri 23 fevral kuni Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi matbuot anjumanida taqdim etilgan ma'lumotlarga asoslanib, shu haqida xabar berdi.

Ish izlayotgan kishilar uchun 2017 yilda 1218 ta bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi tashkil etilib, ularda 59,3 mingga yaqin ish beruvchi vakillari va 204,9 ming ish izlayotgan fuqaro ishtirok etdi. Yarmarkalar natijasiga ko‘ra, 52,2 ming shaxs ishga yo‘llanma oldi. 133 mingdan ziyod faol ish izlayotganlarga mehnat, bandlik va huquqiy masalalar bo‘yicha maslahatlar berildi.

Kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarining ishga joylashganligini monitoring qilish bo‘yicha maxsus tashkil etilgan “college.mehnat.uz” axborot tizimi ma'lumotlariga ko‘ra, 2016-2017 o‘quv yili bitiruvchilarining 332,8 ming (73,4%) nafarining bandligi ta'minlandi.

Shu bilan bir qatorda aholini ijtimoiy yordamga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha 2017 yilda kam ta'minlangan 652 ming oilaga ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordam tayinlandi.

Bundan tashqari, tadbirda 2018 yilda og‘ir turmush sharoitida yashayotgan ayollar, ayniqsa yosh xotin-qizlar bandligini ta'minlash bo‘yicha ishlab chiqilgan dasturga muvofiq, 9936 nafar xotin-qiz bandligini ta'minlash choralarini ko‘rish rejalashtirilgani ma'lum qilindi.

Yangi sanoat korxonalarini qurish, xizmat ko‘rsatish obektlarini ishga tushirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish hisobidan 2017 yilda 336 mingdan ziyod yangi ish o‘rinlari tashkil etildi.

Ta'kidlash joizki, vazirlik huzuridagi Jamoat ishlari jamg‘armasiga 2017 yil uchun 84 milliard so‘m ajratilgan bo‘lsa, 2018 yil uchun shu yo‘nalishdagi ishlarni yanada rivojlantirish va aholi daromadlarining o‘sishiga hissa qo‘shish maqsadida 714 milliard so‘m ajratildi.

Mavzuga oid