Buxoroda kurash chempionati. Finalda aka o‘z ukasi bilan bellashishdan bosh tortdi
25 fevral kuni uch kun davomida Buxoro shahridagi Olimpiya zaxiralari kollejida o‘tgan kurash bo‘yicha O‘zbekiston chempionati yakuniga yetdi. Bu haqda «Kun.uz» muxbiri xabar bermoqda.
Musobaqalarning so‘ngi kunida og‘ir vaznli polvonlar gilamga chiqdi.
O‘zbekiston chempionatining uchinchi kungi bahslari muxlislar bilan gavjum bo‘ldi. Boisi, og‘ir vazndagi polvonlarning olishuvlari har doim ham tomoshabinlarning e'tiborida bo‘lib kelgan.
O‘zbekiston chempionatining yakunlovchi kunida erkaklar va 100 kg va undan og‘ir, ayollar ham 87 kg va undan og‘ir vaznlarda gilamga chiqishdi.
Ayollar o‘rtasidagi birinchi og‘ir vaznda Xorazm viloyati vakillari raqiblariga nisbatan kuchliroq chiqishdi va Rahima Yo‘ldosheva oltin, Nodira Jumaniyozova kumush medalni qo‘lga kiritdi. Qoraqalpog‘istonlik Nursuluv Jumamurodova va navoiylik Gullola Norqulova sovrindorlar qatoridan joy egalladi.
O‘ta og‘ir vazn toifasida ham finalda surxondaryolik polvon qizlar o‘zaro bahs olib borishdi. Unda Rinata Ilmatova Sohibjamol Xoliqulovani halol bahosi bilan yengib chempion bo‘ldi. Beg‘am Boimova hamda Sojida Savriyeva shohsupaning uchinchi pog‘onasidan joy olishdi.
Erkaklar o‘rtasida 100 kg og‘irlikdagi polvonlar bahsi ehtiroslarga boyligi bilan ajralib turdi. Ba'zan, kurashchilarning harakatlarini baholashda hakamlar hay'ati yordamga keldi.
Yakun esa yanada qiziq kuzatildi. Finalgacha barcha raqiblarini mag‘lub etib kelgan qashqadaryolik aka-uka Sherali va Ilhom Jo‘rayev oltin medal uchun bahs o‘tkazishmadi. Sherali yengilganini gilamda oldindan tan olib qo‘lini ko‘tardi va Ilhom Jo‘rayev chempion bo‘ldi. Samarqandlik polvonlar Dilshod Samadov va Parviz Halimov bronza medallariga loyiq ko‘rildi.
Nihoyat, o‘ta og‘ir vazndagi final uchrashuvi. Sport majmuasiga sukunat cho‘kdi. Jahon va Osiyo chempioni, Osiyo o‘yinlari g‘olibi, surxondaryolik Muhsin Hisomiddinov va toshkentlik Bekmurod Oltiboyev jismoniy jihatdan bir-biridan qolishmasligini gilamda namoyish etishdi. Biroq, yoshlik shijoati va ishtiyoq kuchli kelib Oltiboyev yengilmas chempionni mag‘lub etgan holda O‘zbekiston chempionatining oltin medalini qo‘lga kiritdi.
Mavzuga oid
12:01 / 09.11.2024
Buxoroda 16 yoshli bola o‘nlab shaxslar nomiga kredit olib, onlayn qimorga tikib yubordi. U qamoqqa olingan
11:34 / 06.11.2024
Buxoroda 1 mlrd so‘mdan ziyod elektrdan noqonuniy foydalangan tadbirkor aniqlandi
15:04 / 03.11.2024
Buxoroda xotiniga og‘ir tan jarohati yetkazgan shaxs qamoqdan ozod qilinib, shartli jazo tayinlandi
20:48 / 09.10.2024