Foto: Andijonning Bog‘ishamol qishlog‘ida kasal bo‘lmagan ma'qul
Andijon shahrining biqinida joylashgan Bog‘ishamol qishlog‘i katta hudud. Aholi soni ham shunga yarasha. Bir-biridan chiroyli nomlarga ega «Bog‘i Eram», «Buyuk ipak yo‘li», «Yangi hayot» va «Bog‘ishamol» mahalla fuqarolar yig‘inlarida 24 mingdan ziyod aholi istiqomat qiladi. Zahiriddin Muhammad Bobur tariflaganidek, juda bahavo, tabiati go‘zal joylar. Bu ta'riflarga maqola so‘ngida yana bir bor qaytamiz
«Kun.uz» tahririyatiga qishloqdagi poliklinika faoliyatiga doir murojaat tushgach, o‘rganish uchun yetib bordik.
Fuqarolar tomonidan yuborilgan arznomada to‘rt mahallaga tibbiy xizmat ko‘rsatadigan 8-oilaviy poliklinikada davolanish uchun sharoitlar yetarli emasligi aytilgan. Ayni paytda bu muassasa Andijon shahridagi 8-oilaviy poliklinikaning 3-bo‘limi deb ataladi.
Ish kuni, soat ertalabki sakkizlarda muassasaga borganimizda, ko‘p ming kishilik hududga xizmat qiladigan muassasada bemorlar juda oz edi. «Bu holat aholining sog‘ligi yaxshiligidandir?», deysizmi? Afsuski, unday emas... Bemorlar siyrakligiga sabab poliklinikaga davo istab kelgan kasallar uchun sharoit yo‘qligidan.
Tibbiyot maskanida so‘ngi 20 yil davomida, shifokorlarga tashxis qo‘yish uchun eng yaqin yordamchi bo‘lib qolgan UZI uskunasi ham yo‘qligini bilib: «Qaysi asrda yashayapmiz?» deya qoldik, xolos.
Barchamizga ma'lumki, mavjud me'yorlarda ko‘rsatilganidek, poliklinikalarga aholi sonidan kelib chiqib, har ikki ming kishiga bir shifokor ajratiladi. Viloyatda tibbiyot instituti bo‘la turib, poliklinikada shifokorlar tanqisligi holati kuzatilmoqda. Hududda 24 ming aholi (shundan 8 mingga yaqini 15 yoshgacha bo‘lgan bolalar) bo‘lsada, muassasada 6 nafar shifokor faoliyat yuritadi, xolos. Hamshiralar soni esa 15 nafar. Hamshiralar soniga qarab, aholi xonadonlariga ko‘rsatilayotgan patronaj xizmati sifatiga o‘zingiz xulosa chiqarishingiz mumkin. Aholi sonidan kelib chiqib, 30 nafar tibbiyot hamshiralari kerakligi aniq-ku?
Qizig‘i, poliklinikada 15 nafar hamshiraga bor-yo‘g‘i 2 dona patronaj sumkasi berilgan ekan. Ular aholi xonadoniga navbatdan borishsa kerak... Axir, xonadonlarga quruq qo‘l bilan asbobsiz borishdan samara yo‘q-ku?
«Lor» deya yozilgan eshikka boramiz. Quloq-tomoq doktori yo‘q edi. So‘ng «arroh» deya yozilgan eshikni taqillatamiz. Bu xonada ham hech kim yo‘q. Stomatolog deya atalmush tish do‘xtirining ham xonasi bor, o‘zi yo‘q.
Bizga ma'lum qilishlaricha, tor doiradagi mutaxassislik vrachlari yarim stavkadan ishlar ekan. Yuqoridagi tana a'zolari og‘rigan bog‘ishamolliklar Andijon shahridagi poliklinikaga borishi kerak. Dorixona masalasi ham muammo. Poliklinikaga yaqin joyda dori-darmon sotadigan joy topilmaydi. Tibbiyot muassasasining pechati ham yo‘qligi sabab, hudud aholisi ma'lumotnomaga ham Andijon shahriga borib keladi.
Tibbiyot bu – tozalik degani. Shifokor bir bemorni ko‘rgach, albatta qo‘lini yuvadi. Maskanda suv muammosi ko‘ndalang. Shifokorlar xonalardagi suv jo‘mragi yoniga plastik idish (baklashka) va suv idishlari qo‘yib olishibdi. Xonalardagi biror jo‘mrakdan suv tushmaydi. «Ichimlik suvi sutkasiga atigi bir-ikki soat beriladi», deydi hamshiralardan biri. Issiq suv esa ertak. Laboratoriya jihozlari va UVCh singari texnika vositalari esa orzu...
Bino allaqachon ta'mirtalab holga kelib qolgan. Isitish tizimi yaxshi ishlamasligi bois, shifokorlar qishi bilan bemorlarni sovuq xonalarda qabul qilishdi. Yosh bolasi bor onalarga juda qiyin. Hududda namunali tipdagi kottejlar ham qurilgan. Yosh oilalarda ming nafarga yaqin 3 yoshgacha bo‘lgan bolalar bor. Ularni uzoq yo‘l bosib, shahar ichidagi 8-poliklinikaga yoki xususiy shifoxonalarga olib borishga to‘g‘ri kelyapti. Shifokorlar zamonaviy texnika vositalarisiz faoliyat yuritmoqda. Samara ham shunga yarasha. O‘sha UZI uskunasi 12 million so‘m mablag‘ evaziga kelar ekan. Axir, inson salomatligi bebaho-ku?!
Muassasada ishlayotgan oz sonli shifokor va boshqa xodimlar qo‘lidan kelganicha obodonlashtirish va tozalikka e'tibor qaratayotgani ko‘rinib turibdi. Lekin ta'mirga muhtoj bino, eski va zamon talabidan ortda qolgan mebellarni ming yuvib, artganingiz bilan yangi bo‘lib qolmas ekan.
Yuqorida aytganimdek, Bog‘ishamol bahavo va tabiati chiroyli hududga joylashgan. Balki, viloyat sog‘liqni saqlash mutasaddilari: «Mana shunday havosi toza joyda yashaganlar kasal bo‘lmaydi!», deb o‘ylayotgandir?..
Lekin, qishloq ahli atrofda birorta namunali tibbiyot muassasasi yo‘qligidan aziyat chekmoqda. 24 ming aholi istiqomat qiladigan Bog‘ishamol qishlog‘iga barcha yo‘nalishdagi kasalliklarni davolash imkoniyatiga ega bo‘lgan mutaxassis va zamonaviy texnik vositalar bilan jihozlangan oilaviy poliklinika zarur.
Maqolani esa odatiy va an'anaviy jumla bilan tugataman: «Biz mazkur mavzuga yana qaytamiz!»
Mavzuga oid
11:09 / 08.11.2024
Andijonda kottejlar qurish uchun yer hujjatini rasmiylashtirib berish evaziga 230 ming dollar talab qilgan shaxs ushlandi
14:41 / 06.11.2024
5 sotix yerni fuqaroga rasmiylashtirib bermoqchi bo‘lgan ekologiya bo‘limi bosh inspektori 20 ming dollar bilan ushlandi
16:17 / 02.11.2024
Andijonda ishchidan alimentdan qarzini ushlab qolmagan fermer jarimaga tortildi
11:52 / 02.11.2024