O‘zbekiston | 22:20 / 28.02.2018
20217
3 daqiqa o‘qiladi

Chorminor bo‘yicha rasmiy bayonot berildi

Buxoro shahrida joylashgan, YuNeSKO ro‘yxatidan o‘rin olgan Chorminor madrasasini suv bosishi bilan bog‘liq  muammolar bartaraf etildi. KUN.UZ muxbiri Xalqaro Press-klubda Buxoro viloyati hokimining turizm bo‘yicha o‘rinbosari Botir Shahriyorov bergan bayonotga asoslanib, shu haqida xabar berdi.

Botir Shahriyorov - Buxoro viloyati hokimining turizm bo‘yicha o‘rinbosari

"Darhaqiqat, Buxoro shahrida Chorminor madaniy obekti nisbatan chuqur joyda joylashgan. O‘tgan hafta bo‘lgan yog‘ingarchilikda Chorminor poydevori qurilgan joyga suv to‘ldi, lekin shahar obodonlashtirish xizmati uni tozalab, suv kelish yo‘llarini to‘sib, madaniy meros obektiga zarar yetmaslik chorasini ko‘rdi. 

2017 yilda shahar bo‘ylab Buxoro shahrining tarixiy qismida barcha madaniy obektlar joylashgan joyda 1-1,5 metrcha tuproq olib tashlanib, obidalar sho‘rlanishi, ya'ni korroziyasining oldi olish choralari ko‘rilgan. Hozir o‘sha joyda Buxoroning tabiiy ohaktoshidan yo‘lak terilgan. 

Chorminor madrasasi Buxoroning qadimiy qismidan biroz uzoqda joylashgan. U joylashuv nuqtai nazaridan shaharning quyi qismida bo‘lgani uchun shunday holat yuz bergan. Hozir bu voqea bo‘yicha alohida guruh tuzilib, madaniy meros obektiga suv kelishi oldini olish bo‘yicha katta ishlar amalga oshirildi", - deydi B.Shahriyorov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda obidaga jiddiy zarar yetmagan. Bu madaniy meros obektlari maxsus komissiyasi tomonidan ko‘rib chiqilgan. Viloyat hokimining qarori asosida viloyatdagi har bir tarixiy obektga muayyan tashkilot biriktirilgan. 

26 fevral kuni yoqqan kuchli yomg‘ir tufayli Buxoro shahrining qadimiy qismidagi tarixiy binolardan birini suv bosgandi.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan suratlarda Chorminorning hovlisi suvga to‘lganini ko‘rish mumkin edi.

Foto: Facebook
Foto: Facebook
Foto: Facebook

Mavzuga oid