Jahon | 01:51 / 01.03.2018
5819
2 daqiqa o‘qiladi

Misrlik oligarx hukumat bilan yarashish uchun 100 mln dollar to‘lab beradigan bo‘ldi

Foto: AP

Misrlik po‘lat magnati va sobiq prezident Husni Muborak hokimiyati vaqtidagi siyosatchi Ahmad Izz unga nisbatan sud ta'qibi tugatilishi uchun davlatga 1,7 mlrd Misr funti (96 mln dollar) to‘lab beradigan bo‘ldi. Bu haqda Misrning MeNA axborot agentligi xabar berdi.

“Moliyaviy vositalar va aktivlarning xorijdan qaytarilishi bo‘yicha milliy komissiya tadbirkor Ahmad Izz bilan yarashishga rozi bo‘ldi”, deyilgan xabarda.

Ahmad Izz Misrda bir vaqtlar hukmron sanalgan Milliy-demokratik partiya rahbarlaridan biri bo‘lgan. Husni Muborakning ko‘p yillik hokimiyatiga chek qo‘ygan 2011 yildagi xalq g‘alayonlaridan keyin Izz bir qator vazirlar bilan birga korrupsiyada ayblanib, hibsga olingan. Ezz Steel po‘lat kompaniyasining egasi bo‘lgan Izz Misrdan tashqarida ko‘plab kichik firmalar ochish va ularning hisob raqamlariga noqonuniy tarzda pullar o‘tkazishda ayblangan. Gap, shuningdek, metallurgiya mahsulotlari ishlab chiqarishga litsenziyalar berish haqida ketgan. Sudning fikricha, Misr sanoat-savdo vazirligi Izzga noqonuniy tarzda va bepul litsenziyalar bergan va shu tufayli Izz Misr metallurgiya sanoatida deyarli monopoliyachi bo‘lgan. Taxmin qilinishicha, u bunday imtiyozlarni Milliy-demokratik partiyadagi yetakchi roli evaziga olishga muvaffaq bo‘lgan.

Izz 2014 yilda ozodlikka chiqarilgan, biroq yana uzoq vaqt bir qator jinoiy jarayonlar figuranti bo‘lib qolgan. Izz 2015 yilda parlament saylovlariga nomzodini qo‘ymoqchi bo‘lgan, biroq sudlanganlikka ega bo‘lgani sabab saylovlarga qo‘yilmagan.

Muborak tuzumi ag‘darilgandan keyin bir qator sobiq vazirlar, tadbirkorlar va deputatlar qamoqqa olinganlar. Biroq keyinroq ulardan aksariyati oqlanib, ozodlikka chiqa olgan. Bir qator tadbirkorlar sud ta'qibidan qochish maqsadida davlat bilan “tinchlik sulhi” tuzgan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid