Sport | 08:52 / 03.03.2018
17248
3 daqiqa o‘qiladi

Floridadagi otishmada 20 kishini qutqarib qolgan bola Messi bilan uchrashadigan bo‘ldi

Foto: Marilyn Rule/Twitter

14 fevralda Floridadagi maktablardan birida 19 yoshli Nikolas Kruz sodir etgan otishma oqibatida 14 o‘quvchi va 3 o‘qituvchi halok bo‘ldi. Maktabning 15 yoshli o‘quvchisi Entoni Borges bo‘lmaganda, qurbonlar yanada ko‘proq ham bo‘lishi mumkin edi. Gap shundaki, o‘smir otishma vaqtida sinfxona eshigini yopib olib, 20 kishini qutqarib qolgan. Afsuski, uning o‘zi 5 ta joyidan (beli, soni va oyoqlari) o‘qotar jarohat olgan, biroq tirik qolgan.

Entonining otasi o‘g‘lining davolanishi uchun xayriya mablag‘lari to‘plash uchun internetda sahifani ishga tushirgan. Bu sahifa “Barselona” futbol klubini o‘ziga jalb qilgan. 2016 yilda Entoni “Barsa”ning  Loderxilldagi (Florida) akademiyasida 2 oy o‘tkazgan. U professional futbolchi bo‘lishni orzu qiladi.

“Barselona” o‘yinchilari Entoni uchun futbolkaga dastxatlarini qo‘yib berishdi. Hozirda o‘smir operatsiyadan keyin tiklanmoqda. U sog‘ayib ketganda, “Barsa” unga Lionel Messi va qolgan futbolchilar bilan uchrashuvni tashkillashtirib beradigan bo‘ldi.

“Biz Entoni zarur jarrohlik yordamini olishi va futbol o‘ynashdan iloji boricha tezroq yana zavqlanishi uchun shifokorlarimiz yordamini taklif qildik. Entoni hamisha Barselonaga borishni va asosiy tarkib futbolchilari bilan uchrashishni orzu qilgan. Biz uning otasiga buni amalga oshirishdan xursand bo‘lishimizni aytdik”, deb aytilgan “Barsa” bayonotida.

Bolaning otasi Royyer Borxesning aytishicha, “Barsa” vakillari Entoniga dalda berish uchun ovozli xabar yozishgan. “Biz klubdan bunday qo‘llab-quvvatlashini kutmagandik. Entoni operatsiyaga tayyorlanayotganda men ovozli xabarni tasodifan eshitib qoldim. Men Entoni ham bu xabarni eshita olishi uchun telefonni baland ovozga qo‘ydim. U bundan xursand edi”, deb eslamoqda bolaning otasi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid