Jahon | 19:43 / 05.03.2018
7818
2 daqiqa o‘qiladi

Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Misrga "robotlar shahri" loyihasi uchun 10 mlrd dollar berdi

foto: arabnews.com

Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon Misrga tashrifi vaqtida “robotlar shahri” NEOMning Misrga tegishli qismini rivojlantirish bo‘yicha kelishuvni imzoladi. Reuters axborot agentligining ma'lum qilishicha, tomonlar loyihani rivojlantirish uchun qo‘shma jamg‘arma tuzishadi. Saudiya Arabistoni bu jamg‘armaga 10 mlrd dollar sarmoya kiritadi.

Misrning ushbu loyihaga hissasi qanday bo‘lishi ma'lum qilinmagan. Biroq ta'kidlanishicha, katta ko‘lamli loyiha eng boy va eng aholisi ko‘p ikki arab davlati o‘rtasidagi strategik aloqalarni yanada mustahkamlashga ko‘mak beradi.

NEOM shahri Qizil dengiz bo‘yida cho‘lda joylashadi. Loyiha uchta davlat: Saudiya Arabistoni, Misr va Iordaniya hududida 26 ming kvadrat kilometrni egallaydi. “Kelajak shahri”ning umumiy qiymati 500 mlrd dollarga baholangan. 

Ushbu loyiha Qizil dengiz uzra ko‘prik qurilishini ham ko‘zda tutadi: ko‘prik NEOM’ni Misr va qolgan Afrika bilan bog‘laydi. Ushbu loyihani amalga oshirish uchun Siemens va Alcoa kompaniyalarining sobiq rahbari Klaus Klyaynfeld taklif qilingan.

Rejaga ko‘ra shahar erkin va mustaqil iqtisodiy hudud bo‘ladi. Bunday hududlar nafaqat soliqdan ozod qilinadi, balki o‘z qonunlariga ega bo‘ladi va davlatning qolgan qismidan mustaqil ravishda faoliyat yuritadi. NEOM yuqori texnologik shahar bo‘lishi kerak. Shahar iqtisodiyoti raqamli texnologiyalar, yangi energetika, biotexnologiya, media va boshqa innovatsion yo‘nalishlar sohasidagi ishlanmalarga quriladi. Shaharga faqat yuqori malakali kadrlar jalb qilinadi, barcha maishiy ishlar robotlarga ishonib topshiriladi. Bu shaharda robotlar odamlardan ko‘proq bo‘ladi. 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid