Sport | 23:20 / 06.03.2018
12227
6 daqiqa o‘qiladi

«Siti»da +18 va «MYu»ning kambeki. Angliyada tur o‘yinlari

«Tribuna» Angliya chempionatining 29-tur o‘yinlarini tahlil qiladi.

Nemanya, qo‘rqinchli zambarak

«Kristal Pelas» - «Manchester Yunayted» - 2:3 (1:0)

«Kristal Pelas» de Xea darvozasini 2 bor ishg‘ol qilgach, «Liverpul»ning sobiq futbolchisi Jyeymi Karrager tvitterida yozdi: «Yunayted» bugungi o‘yinda 3:2 hisobida yuta olishini tasavvur qilayotganlar bormi?». Unga shunday javob qaytarildi: «Tentakmisan? Qachon ular bir o‘yinda 3 gol ura olishgandi?»

Lekin ular shu kuni 3ta gol urishdi. Aslida, «Manchester Yunayted»ning o‘yini chiqmadi, to‘p maydon markaziga ham yetib bormayotgandi, ammo Joze Mourinoni Roy Hojsonning o‘zi qutqarib qoldi, u hisobdagi ustunlikdan keyin jamoasini himoyaga yotqizdi. Londonliklar chidadi, chidadi va qo‘shimcha daqiqalarda bu chidam tugadi, Matichning darvoza to‘sini ostiga yo‘llagan ajoyib zarbasidan keyin kambek.

Wenger out


«Brayton» - «Arsenal» 2:1 (2:1)
«Arsenal» yana yutqazdi, jamoa qatorasiga mag‘lubiyatga uchramoqda.

«Agar men Arsen Venger bo‘lganimda, Arsen Vengerni ishdan bo‘shatardim», deya yozdi Gari Lineker «Arsenal»ning «Brayton»ga qarshi o‘yindagi mag‘lubiyatidan keyin.

Britaniyadagi mashhur bukmekerlik idoralaridan biri esa, «Arsenal» bosslari qilmayotgan ishni qildi, Venger iste'fosi uchun pul tikkanlarga pul to‘landi.

Londonliklarda vaziyat og‘ir. Mart kirar-kirmasdanoq jamoa chempionlik uchun nazariy imkoniyatlarni ham yo‘qotdi. «Arsenal» yil boshidan buyon 8 marta mag‘lub bo‘ldi, oxirgi 4 o‘yinda qatorasiga mag‘lubiyat qayd etildi. Venger tufayli muxlislar ko‘z yosh to‘kmoqda. 

Jamoaning yangi xaridlari Mxitaryan va Obameyang ham muxlislarni xursand qila olmayapti. Garchi, gabonlik hujumchi o‘yindan keyin olijanoblik ko‘rsatgan bo‘lsada. U o‘yin vaqtida o‘zidan futbolkasini so‘ragan kichik muxlisga e'tiborsizlik qildi, ammo o‘yindan keyin u muxlis bilan tvitter orqali bog‘landi va futbolkani jo‘natish uchun uning manzilini so‘radi.

Kubok «Manchester Siti»niki!


«Manchester Siti» - «Chelsi» - 1:0 (0:0)

Ikkinchi o‘rin bilan 16 ochkolik farq - har qanday turnir uchun qo‘rqinchli. Hatto ko‘p yillardan buyon «PSJ» gegemonlik qilib kelayotgan Fransiya chempionatida ham bu mavsumda peshqadam va ta'qibchilar o‘rtasida bunchalik farq mavjud emas. Bundesligada esa «Bavariya» ikkinchi o‘rindan 20 ochko ilgarilab ketdi, «Manchester Siti» bu natijani yaxshilashga harakat qilishi mumkin.

Antonio Kontening iste'fosi yanada yaqin. Chempionat o‘yinlarida «Chelsi» tez-tez ochko yo‘qotmoqda, londonliklar to‘rtinchi o‘rin bilan oradagi farqni kattalashtirmoqda (5 ochko). Agar «ko‘klar» «Kamp Nou»da g‘alaba qozonolmasa, Konte bilan xayrlashishlari mumkin. 

Saloh charchamaydi
«Liverpul» - «Nyukasl» - 2:0 (1:0)

Muhammad Saloh gol urishda davom etmoqda. Bu safar uning goli «Nyukasl» ustidan g‘alabani ta'minladi. Saloh mavsumning eng yaxshi futbolchisi bo‘lishga da'vogar. Kuchli beshlikda ayni vaqtda undan ko‘p gol urgan futbolchi yo‘q. U 26 gol urib ulgurdi.

Uni fevral oyining eng yaxshi futbolchisi deb topishlari aniq. Bu uning mavsumda uchinchi marta premer-liganing eng yaxshisi deb tan olinishi bo‘ladi.

Hakamning jarohati va Sonning dubli
«Tottenhem» - «Haddersfild» - 2:0 (1:0)

Keyn gol urmadi, ammo «shporlar» «Haddersfild»ni osonlik bilan yengishdi. Son Xin Minning ikki goli londonliklarning kuchli to‘rtlikdagi o‘rnini mustahkamladi.

O‘yin arafasida hakamni almashtirishga to‘g‘ri keldi, Mayk Jons chigalyozdi mashg‘ulot vaqtida jarohatlandi. Shu tufayli kartochkalar va hushtak to‘rtinchi hakam Kevin Frendga topshirildi, Jons to‘rtinchi hakam vazifasini ham bajara olmasdi, shu tufayli «Uembli» xodimlari tribunadan yordam so‘rashga majbur bo‘lishdi. Nil Smit ismli shaxs hakamlik qilishga rozi bo‘ldi va o‘yin o‘tkazildi.

Tur o‘yinlari
«Byornli» - «Everton» - 2:1 (0:1).
Gollar: Jyenk To‘sun, 20 (0:1). Barns, 56 (1:1). Vud, 80 (2:1).
Chetlatish: Uilyams (Everton), 86.
«Tottenhem» - «Haddersfild» - 2:0 (1:0).
Gollar: Son Xin Min, 27 (1:0). Son Xin Min, 54 (2:0).
«Suonsi» - «Vest Hem» - 4:1 (2:0).
Gollar: Ki Son Yen, 8 (1:0). van der Xorn, 32 (2:0). King, 48 (3:0). J.Ayyu, 63 - penalti (4:0). Antonio, 78 (4:1).
«Sauthempton» - «Stouk Siti» - 0:0
«Uotford» - «Vest Bromvich» - 1:0 (0:0).
Gol: Dini, 77.
«Lester» - «Bornmut» - 1:1 (0:1).
Gollar: King, 35 - penalti (0:1). Mahrez, 90+7 (1:1).
«Liverpul» - «Nyukasl» - 2:0 (1:0).
Gollar: Saloh, 40 (1:0). Mane, 55 (2:0).
«Brayton» - «Arsenal» - 2:1 (2:1).
Gollar: Dank, 7 (1:0). Marrey, 26 (2:0). Obameyang, 43 (2:1).
«Manchester Siti» - «Chelsi» - 1:0 (0:0).
Gol: Bernardu Silva, 46.
«Kristal Pelas» - «Manchester Yunayted» - 2:3 (1:0).
Gollar: Taunsend, 11 (1:0). van Anxolt, 48 (2:0). Smolling, 55 (2:1). Lukaku, 76 (2:2). Matich, 90+1 (2:3).

Mavsum to‘purarlari

Turnir jadvali

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid