Jamiyat | 23:15 / 09.03.2018
39762
5 daqiqa o‘qiladi

Bir jinoyat izidan: tadbirkorning «g‘oyib» bo‘lgan mulklari

Minglab yurtdoshlarini ish bilan ta'minlagan tadbirkorlarning oilasi ayni paytda parokanda bo‘lib ketgan. Kun.uz vaziyatga nima sabab bo‘lganini o‘rganish maqsadida oila boshlig‘i bilan suhbatlashdi. Gap mubolag‘a bo‘lmasin, hikoyani boshidan so‘zlaymiz.

«O‘g‘illarim Obid, Olim va Ravshan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini xorijga eksport qilib, mamlakatimizga valyuta keltirardi. Ular bu bilan cheklanmay, yangi texnologiyalarni O‘zbekistonga olib kirib, un mahsulotlarini ishlab chiqarish korxonasi, issiqxonalar tashkil etdi», deb suhbatni boshladi Bahromovlarning otasi Botir aka.

Ma'lum qilinishicha, 2015 yili aprelda Ravshan Bahromovga nisbatan JKning 28, 213-moddasi 3 qismi «a,v» bandlari, 28, 188-moddasi, 28, 243-moddasi va 211-moddasi 3-qismining «a,b» bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. U o‘sha yili 9 aprel kuni qo‘lga olinadi, 11 aprel kuni esa unga qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan.

«Ravshanning ishini O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudi ko‘rib chiqdi. Nega ishbilarmon, organ sohasiga aloqasi bo‘lmagan oddiy fuqaroning ishi harbiy tartibda ko‘rib chiqilgani haligacha noma'lum. Sudda keltirilgan vajda aytilishicha, go‘yoki, Ravshan MXX va bojxona xodimlariga pora berganligi tufayli, sud barcha epizodlarni harbiy tartibda hal qildi. Ammo qani o‘sha guvohlar, qani pora berganligini isbotlovchi dalillar? Keyinroq bilsam, harbiy sudda ko‘rib chiqilgan ishlar maxfiy saqlanar, hatto ish bilan tanishib chiqishning imkoniyati yo‘q», deydi suhbatdosh.

Qiziq jihati shundaki, sud majlisida Bahromov va boshqalar tomonidan tashkil qilingan uyushgan guruh a'zolari tomonidan jinoiy faoliyat natijasida topilgan daromadlar legallashtirilgan, deb topildi. Shunga ko‘ra, 5ta ko‘chmas mulk obekti xatlov etilishi belgilangandi. Ammo, Botir Bahromovning aytishicha, xatlov qonunga zid ravishda o‘tkazildi.

«Sud hukmida ham ko‘rsatilmagan uy-joy, ko‘chmas mulklarimiz g‘ayriqonuniy tarzda begona shaxslarga sotib yuborildi. Biron hujjatda nomlari qayd etilmagan bo‘lsa ham mulklar xatlov etilaverdi», deydi ota.

Otaning ta'kidlashicha, sud hukmidan ko‘chirma hukm e'lon qilinganidan ikki yil o‘tib taqdim etildi. Shu vaqt oralig‘ida barcha noqonuniy musodaralar amalga oshirilgan bo‘lib, harakatning huquqiy asosini talab etish besamar tugagan.

«Yetkazilgan zarar 16,6 milliard so‘mga teng edi, Sirg‘alidagi un zavodimizni 36 milliard so‘mga sotib, ombordagi 1 million AQSh dollariga teng qiymatdagi mahsulotlar ham izsiz yo‘qoldi. Shunda ham hech kim ularga bir nima demay, tishimizni oqini ham ko‘rsatmadik. Buning ustiga Toshkent shahri Yunusobod tumani Sh.Rashidov ko‘chasi 16-uy, 152 va 154-xonadonlar, Chilonzor tumani Olmazor dahasi 8-uy, 22 va 23-xonadonlar ham g‘ayriqonuniy ravishda bizning ixtiyorimizdan tortib olindi», deydi Botir aka.

Oila boshlig‘ining aytishicha, Bahromovga tegishli fermadagi 10 bosh ot va 5 bosh tuya yetkazilgan zararni qoplashga qaratilgani rasman ta'kidlansa-da, amalda 89 dona qo‘y, 78 bosh qoramol va 10,000 dona tovuq musodara etilgan. Ushbu vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida Bosh prokuratura huzuridagi MIB bo‘lim boshlig‘i Q.Raxmonov so‘zlaridan iqtibos keltiramiz:

«Yuqorida ko‘rsatilgan chorva hayvonlari va parrandalarni musodara qilish sud hukmida nazarda tutilmagan. Mazkur jinoyat ishi doirasida bunday mazmundagi ijro hujjatlari kelib tushmagan».

Toshkent shahar Yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri davlat korxonasining ma'lumotiga ko‘ra, yuqorida ta'kidlangan manzildagi (Sh.Rashidov ko‘chasi 16 uy, 152 va 154) xonadonlardan biri 2017 yil 17 aprelda tashkil etilgan auksion savdosi natijasida Umida Tashmuxamedova nomiga, ikkinchisi ham 2017 yilda oldi-sotdi shartnomasi asosida Gulnoza Abdullayeva nomiga davlat ro‘yxatidan o‘tgan.

Jurnalist surishtiruvini davom ettirarkanmiz, sud hukmida ko‘rsatilmagan mol-mulklar qanday qilib «g‘oyib» bo‘lgan yoki sud hukmidan ko‘chirma nega 2 yilgacha berilmagan, degan savollar bizni o‘ylantirmoqda.

Kun.uz mavzuni davom ettirib, kelgusida Ravshan Bahromov faoliyati va unga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi haqida batafsil ma'lumotlar beradi.

Алишер Рузиохунов
Tayyorlagan Алишер Рузиохунов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid