O‘zbekiston | 19:05 / 11.03.2018
29082
3 daqiqa o‘qiladi

Samarqandga Tojikistonning So‘g‘d viloyati hokimidan sovg‘a keldi

Keyingi kunlarda o‘zbek va tojik xalqlari o‘rtasida kuzatilayotgan yaqin qo‘shnilikka asoslangan hamkorlikni nafaqat ikki mamlakat ahli, balki butun dunyo katta qiziqish bilan kuzatib bormoqda.

Xususan, 1 mart kuni Samarqand viloyatining «Jartepa», So‘g‘d viloyatining «Sarazm» o‘tkazish punktlari o‘z ishini tikladi. Samarqand – Panjakent oralig‘ida A-377 xalqaro avtomobil yo‘li yana ochildi.

7 mart kuni Samarqand shahrida ikki xalqning buyuk vakillari – Alisher Navoiy va Abdurahmon Jomiyga yodgorlik o‘rnatildi.

Shu kuni «Jartepa» o‘tkazish punktida davlatimiz rahbarining Tojikistonning So‘g‘d viloyatiga sovg‘asi – Samarqand avtomobil zavodida ishlab chiqarilgan avtobus topshirildi.

10 mart kuni esa So‘g‘d viloyati hokimi Rajabboy Ahmadzoda Samarqand viloyati hokimi Turobjon Jo‘rayevga «Sarazm»-«Jartepa» o‘tkazish punkti orqali qimmatbaho sovg‘a yubordi. Bu haqda Kun.uz’ga Samarqand viloyat hokimligi matbuot xizmati ma'lum qildi.

Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda Samarqand viloyati va So‘g‘d viloyatining Panjakent shahri hokimliklari vakillari ikki xalq o‘rtasidagi munosabatlar kun sayin mustahkamlanib borayotgani, yangi davr talablari asosida rivojlanayotganini e'tirof etishdi. Mamlakatlarimizni umumiy tarix, uzviy ma'naviy qadriyatlar bog‘lab turgani, bu ikki xalq azaldan bir daryodan suv ichib, qarindoshlik rishtalari bilan bog‘langani yana bir bor tilga olindi.

— Prezidentimiz tomonidan olib borilayotgan odilona siyosat natijasida chegaradosh mamlakatlar bilan do‘stona aloqalar tiklandi, — deydi G‘o‘s mahallasida istiqomat qiluvchi mehnat faxriysi To‘ychi Obloqulov. — Ayniqsa, Tojikiston bilan munosabatlar yo‘lga qo‘yilgach, ikki mamlakatning minglab fuqarolari yuzida, ko‘zida quvonch porladi. Masofa yaqin bo‘lsada, bordi-keldimiz to‘xtab qolgan edi. Mana shunday imkoniyatni yaratib bergan ikki davlat rahbarlariga samimiy rahmat aytamiz.

— «Jartepa» va «Sarazm» o‘tkazish punktlarida ikki davlat vakillari o‘rtasida do‘stona uchrashuvlar tez-tez bo‘lib o‘tmoqda, — deydi Urgut tumanidagi 93-umumta'lim maktabi yoshlar ittifoqi yetakchisi Gulmira Tursunova. — Bugungi marosimni ham biz, yoshlar qiziqish bilan kuzatib, katta taassurot oldik. Bu ikki davlat o‘rtasida do‘stona aloqalarning tobora mustahkamlanib borayotganligidan dalolatdir. Bunday tadbirlar har bir yigit-qizning ongu-shuurida bir umrga muhrlanib qoladi.

Foto: Samarqand viloyat hokimligi matbuot xizmati
Foto: Samarqand viloyat hokimligi matbuot xizmati

 

Mavzuga oid