22:50 / 11.03.2018
28992

Yuridik xizmat xodimlariga martaba darajalari berishning yangi tartibi belgilandi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 19 yanvar kungi PQ–2733-son “Yuridik xizmat faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan davlat organlari va tashkilotlari yuridik xizmat xodimlariga martaba darajalarini berishning yangi tartibi belgilanadi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining tegishli buyrug‘i bilan Davlat organlari va tashkilotlari yuridik xizmat xodimlariga martaba darajalari berish tartibi to‘g‘risidagi nizomga (ro‘yxat raqami 2920, 2017 yil 28 avgust) o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Kun.uz'ga ma'lum qildi.​

Ularga ko‘ra, endilikda maxsus unvon va martaba darajasiga ega bo‘lgan boshqa davlat organlaridan davlat organlari va tashkilotlarining yuridik xizmatiga o‘tkazilgan xodimlarga maxsus unvon va martaba darajasiga tenglashtirilgan martaba darajasi berilishi belgilandi.

Bundan tashqari, yuridik xizmat xodimlarini martaba darajasiga tavsiya etish haqidagi hujjatlar har chorakda xatlovdan o‘tkazilib, xatlov natijasiga ko‘ra davlat organlari va tashkilotlari tomonidan 10 kunlik muddat ichida tegishlicha O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi yoki uning hududiy boshqarmalariga yuborilishi belgilandi.

 

Top