Jamiyat | 10:30 / 12.03.2018
17067
3 daqiqa o‘qiladi

Andijon viloyati hokimi «GM Uzbekistan» zavodida import hajmini kamaytirish bo‘yicha seminar o‘tkazdi

Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov «GM Uzbekistan» zavodida import hajmini kamaytirish bo‘yicha seminar o‘tkazdi. 

Bugungi kunda «GM Uzbekistan» korxonasiga viloyatda tizimga oid tarmoq korxonalari bo‘la turib, imkoniyat izlanmayotgani tufayli 3470donadan ortiq avtomobil butlovchi qismlari chetdan import sifatida olib kelinmoqda.

Keltirilgan butlovchi qismlarning 1120tasi (32,3 foizi) bolt, gayka, shayba, shrup, 814tasi (23,5 foizi) murakkab birikmali detall, 642tasi (18,5 foizi) plastmassa detall, 487tasi (14 foizi) rezina detall, 317tasi (9,1 foizi) shtamplangan metall detall, 65tasi elektr o‘tkazgich, 15tasi podshipnik, 6tasi quyma detall, 4tasi turli xildagi filtr detallarni tashkil etadi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘iga asosan import hajmini tubdan qisqartirish va tarkibini optimallashtirish borasida Andijon viloyatidagi «GM Uzbekistan» YoAJ QKda viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov va O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi SVOJJDLQKD viloyat boshqarmasi boshlig‘i Sh.Sohibnazarov ishtirokida ko‘rgazmali seminar yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Seminarda Shuhratbek Abdurahmonov viloyatning tashqi savdo aylanmasi salbiy saldo bilan yakunlangani yoki amalga oshirilgan import hajmi eksportga nisbatan 3 martaga (800,4 mln. doll) ortiq bo‘lganini, viloyatga olib kelingan tovarlarning 78,3 foizi (796,2 mln. AQSh dollar) avtomobilsozlik sanoati sohasiga tegishli ekanligini aytib o‘tdi.

Viloyat hokimi ko‘rsatmasi bilan, importga kelayotgan ehtiyot qismlarni viloyatdagi korxonalar tomonidan mahalliylashtirish yuzasidan viloyatdagi 60dan ortiq korxona tomonidan 400dan ortiq butlovchi qismlarni ishlab chiqarishni tashkil etish bo‘yicha takliflar kelib tushdi.

Ushbu takliflarning 151tasini plastmassa detallar, 76tasi shtamplangan metal detal, 53tasi bolt, shayba, 39tasi murakkab birikmali detal, 31tasi rezina detal, 22tasi boshqa (elektr, podshipnik, filtr) detallarni tashkil etadi.

Mazkur takliflarni amalda joriy etish hisobiga viloyatda import hajmini kamaytirish bilan birga, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini oshirish hamda qo‘shimcha muqim yangi ish o‘rinlari yaratilishiga zamin yaratiladi va import samarasi oshadi.

«GM Uzbekistan» AJ va barcha tarmoq korxona rahbarlariga korxonada chetdan importga keltirilayotgan mahsulotlarni kelgusida mahalliylashtirish bo‘yicha «Namunaviy» stendini tashkil etish, har bir import asosida olib kelinayotgan tovarlarni birma-bir tahlil qilgan holda ishlab chiqishni yo‘lga qo‘yish vazifasi yuklatildi.

KUN.UZ muxbiri Elmurod Ermatov, Andijon

Mavzuga oid