Jamiyat | 00:00 / 14.03.2018
22147
3 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda Majburiy ijro byurosi savdo yarmarkasi o‘tkazmoqda

Samarqand shahridagi «Ipak yo‘li» («Yangi bozor») kiyim-kechak bozori hamda Siyob bozori yonidagi «Shodiyona» savdo majmuasida viloyat Majburiy ijro byurosi tomonidan tashkil etilgan savdo yarmarkalari bugundan faoliyat ko‘rsata boshladi.

25 martgacha faoliyat ko‘rsatuvchi ushbu yarmarkalarda jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarning ijro hujjatlariga asosan davlat daromadlariga o‘tkazilishi belgilangan jami 14 milliard so‘mdan ortiq tovar moddiy boyliklar xaridorgir narxlarda savdoga chiqarilgan.

Qayd etib o‘tish kerakki, yaarmarka O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009 yil 15 iyuldagi «Davlat daromadiga o‘tkaziladigan mol-mulklarni olib qo‘yish, sotish va yo‘q qilib tashlash tartibi to‘g‘risida»gi Qarori ijrosini ta'minlash maqsadida o‘tkazilmoqda.

— Bir yo‘la ikki savdo nuqtasida yarmarka o‘tkazilayotgani xaridorlarning qiziqishiga sabab bo‘lmoqda. Bu yarmarkalarda tovarlarni xalqqa taklif qilish bilan birgalikda, MIB onlayn auksionining targ‘iboti bilan ham shug‘ullanmoqdamiz. Fuqarolarning onlayn auksionda qatnashish tartibi haqidagi savollariga ham javob berilmoqda, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatilmoqda, — deydi Kun.uz muxbiri bilan suhbatda Samarqand viloyat MIB boshqarmasi bo‘limi katta inspektori Yahyo Beknazarov.

Yarmarkalarda arzonlashtirilgan narxdagi yuzdan ortiq turdagi kiyim-kechaklar, poyabzallar, gazlamalar, sochiqlar, parfyumeriya mahsulotlari, uyali telefon apparatlari va ularning ehtiyot qismlari, tyunerlar va boshqa mahsulotlar sotuvga chiqariladi.

Bozorlardagi muvaqqat yarmarkalardan tashqari xaridorlar ushbu mahsulotlarni Samarqand shahrida joylashgan uchta do‘kondan xarid qilishlari mumkin.

«Samarqand sharq afsonasi» MChJga qarashli savdo do‘koni (Ro‘dakiy ko‘chasi 251-uy. Mo‘ljal: Bank kolleji), «Sabo» MChJ ga qarashli savdo do‘koni (A.Ikromov ko‘chasi 99-uy. Mo‘ljal: «Hamkorbank»). «Koop ta'minot» MChJga qarashli savdo do‘koni. (O‘zbekiston ko‘chasi, 116-uy. Mo‘ljal: Baqqollik (bakaleya) bazasi).

Sh.Shokirjonov,

Kun.uz muxbiri

Mavzuga oid