O‘zbekiston | 10:10 / 15.03.2018
9292
3 daqiqa o‘qiladi

Ochilboy Ramatov Ostonada. O‘zbekiston va Qozog‘iston tovar aylanmasini 5 mlrd dollarga yetkazmoqchi

Foto: Tengrinews.kz

14 mart kuni Ostona shahrida Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha qo‘shma hukumatlararo komissiya majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda komissiya hamraislari - Qozog‘iston Respublikasi bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Asqar Mamin va O‘zbekiston Respublikasi bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov ishtirok etdi.

Qozog‘iston hukumati matbuot xizmatining xabar berishicha, ular o‘tgan yili ikki tomonlama hamkorlik uchun muvaffaqiyatli bo‘lgani va bunda hukumatlarga savdo-iqtisodiy hamkorlikni faollashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rishga ko‘rsatma bergan Qozog‘iston va O‘zbekiston davlat rahbarining muhim o‘rni borligini ta'kidlab o‘tishgan.

Tomonlar o‘zaro savdo aylanmasining yuqori dinamikasini qayd etganlar. 2017 yilda mamlakatlar o‘rtasidagi tovar aylanmasi 2 milliard dollarni tashkil qildi, bu 2016 yilga nisbatan 31,2 foizga ko‘pdir. Qozog‘istondan O‘zbekistonga eksport qilish 2017 yilda 35 foizga o‘sib, 1,3 milliard dollarni tashkil etdi, Qozog‘istonga esa O‘zbekistondan import hajmi 25,1 foizga oshib, 735,2 million dollarni tashkil etdi.

«Biz o‘zaro savdo sohasida barqaror ijobiy dinamikani qo‘llab-quvvatlaymiz. Tovar ayirboshlash hajmini yanada ko‘paytirish va kengaytirish o‘zaro savdo hajmini oshirishga xizmat qiladi. Bundan tashqari, biz 2017 yilda imzolangan savdo shartnomalari va bitimlarini o‘z vaqtida amalga oshirishimiz kerak», - dedi O.Ramatov. 

Savdo-iqtisodiy hamkorlikning rivojlanish dinamikasini hisobga olgan holda, tomonlar tovar ayirboshlash hajmini 2018 yilda 3 milliard dollar va 2020 yilgacha 5 milliard dollargacha oshirish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlarni ko‘rishga kelishib oldilar.

Foto: liter.kz

Ularning so‘zlariga ko‘ra, ishbilarmon doiralar va investitsiyalarning o‘zaro hamkorligi ikki tomonlama hamkorlikda muhim rol o‘ynaydi. O‘tgan yil mobaynida ikkita yirik biznes-forum bo‘lib o‘tdi, 1 milliard dollardan ziyod savdo bitimlari imzolandi. Oziq-ovqat mahsulotlari, neft-kimyo va kimyo sohasida qo‘shma korxonalar (4 ta savdo uylari) faoliyat ko‘rsatmoqda. Farmatsevtika sanoati bo‘yicha savdo uyi ta'sis hujjatlari tasdiqlandi.

A.Mamin Qozog‘istonda O‘zbekiston yilining o‘tkazilishiga e'tibor qaratdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, iqtisodiyot, sayyohlik, madaniy-gumanitar sohalarda 200 dan ortiq tadbirlar rejalashtirilgan.

Uchrashuv yakunida Qozog‘istonda O‘zbekiston yilini o‘tkazish bo‘yicha bayonnoma va tadbirlar rejasi, qator savdo-iqtisodiy kelishuvlar imzolandi.

Mavzuga oid

E`lonlar