INTeRVYu | 23:58 / 16.03.2018
12896
10 daqiqa o‘qiladi

Aziz Abduhakimov Buyuk Ipak yo‘li brendi, turizmdagi zamonaviy tendensiyalar va yangi turistik mahsulotlar haqida

Foto: Xabar 24

O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov Ostona shahrida O‘zbekiston-Qozog‘iston turistik forumi va boshqa qator tadbirlarda ishtirok etdi. KUN.UZ o‘z yangiliklarida turizm sohasida amalga oshirilayotgan xabarlar, jumladan Qozog‘iston bilan hamkorlikka doir rejalar bilan tizimli ravishda tanishtirib kelmoqda.

Qozog‘istonning "Xabar 24" telekanalida Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi A.A.Abduhakimov bilan kechgan intervyu taqdim etildi.

Aziz Abduhakimov: Biz "Qozoqturizm"dagi hamkasblarimiz bilan anchadan buyon hamkorlik qilib kelamiz. So‘nggi bir yarim yilda esa bizning "Qozoqturizm" va Turizm sanoati qo‘mitasi bilan aloqalarimiz yanada faollashdi. Bu bejiz emas. O‘zingizga ma'lumki, bugun O‘zbekiston mintaqaviy qo‘shnilari bilan yaqinlashish borasida juda faol siyosat olib bormoqda. Endi esa biz o‘zaro xabarlashgan holda, sa'y-harakatlarimizni birlashtirib, rivojlanish imkoniga egamiz.

Mavzuga oid: Qozog‘istonda O‘zbekiston turizmi yilini o‘tkazishga doir hujjat imzolandi

Mavzuga oid: O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida multiturlar yo‘lga qo‘yiladi

O‘ylaymanki, turizm ham bu o‘rinda eng muhim yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. Bunda ikki tomonlama qatnovlarni rivojlantirish - Qozog‘iston fuqarolari - O‘zbekistonga, O‘zbekiston fuqarolari esa Qozog‘istonga tashrif buyurishi bilan birga, uchinchi mamlakatlardan sayyohlarni jalb qilish ham katta ahamiyatga ega. Bu borada biz butun dunyoga mashhur kuchli brendga egamiz - Buyuk Ipak yo‘li. Rahbarlarimizning uchrashuvlarida ham turistik idoralardagi sa'y-harakatlarimizni birlashtirish haqida bir necha marta aytildi. Shu munosabat bilan "Buyuk Ipak yo‘li" brendini hamkorlikda ilgari surish  niyatidamiz.

Mavzuga oid: Qozog‘istonning markaziy shaharlarida O‘zbekistonga sayohat qilishga chorlovchi bannerlar o‘rnatilmoqda

Mavzuga oid: "Ipak yo‘li" viza rejimi yo‘lga qo‘yilishi kutilmoqda

Bizning mintaqaga sayohat qiladigan salohiyatli sayyoh nafaqat Samarqand, Buxoro, Xiva (ya'ni Buyuk Ipak yo‘li o‘tgan shaharlarni)ni, balki Qozog‘iston hududidagi chuqur madaniyat va tarix bilan ham tanishish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Salohiyatli sayyohlarni Turkistondagi tarixiy maskanlar ham qiziqtiradi. O‘ylashimcha, bu yo‘nalishda sayyohlar uchun qiziq paketlarni tashkillashtirish mumkin.

Foto: 24 Xabar

- Hozir bu muzokaralar bosqichidami yoki unga doir qandaydir hujjatlar bormi? Ilk qadamlar qanday bo‘lishi ko‘zda tutilmoqda?

Aziz Abduhakimov: Biz hamkasblarimiz bilan eng avvalo turistik mahsulotlarni ishlab chiqa boshladik. Qanday qilib bir paketning o‘zida ham O‘zbekiston, ham Qozog‘istonga borish imkonini taqdim etuvchi turistik paketlarni ishlab chiqish mumkinligi ko‘rib chiqilmoqda. Aytish mumkinki, hozirning o‘zidanoq chet ellik sayyohlardan bunday turistik mahsulotlarga katta qiziqishni his qilmoqdamiz. Bu yo‘nalishda muayyan kelishuvlar mavjud, ikki mamlakat turistik kompaniyalari shu masala ustida ishlashmoqda. Shu munosabat bilan transport logistikasi, yagona band qilish tizimi, qo‘shma chegirmalar taqdim etish imkoniyati integratsiya qilinmoqda.

- Iqtisodiy daromadlar masalasi qanday kechadi?

Aziz Abduhakimov: Albatta, bizning barcha sa'y-harakatlarimiz mamlakatlarimiz iqtisodiyotini rivojlantirishga qaratilgan. Turistik sohada biz raqib emasmiz, biz noyob loyihalarni taqdim etamiz. Bu O‘zbekistonning chuqur me'moriy-tarixiy merosi bilan birga, Qozog‘istonning o‘ziga xos diqqatga sazovor maskanlari hamdir. Sayyohning faqat O‘zbekiston yo faqat Qozog‘istonga kelishi - bir masala, lekin u Ipak yo‘li bo‘ylab kombinatsiyali turni amalga oshirayotgan bo‘lsa, albatta, mamlakatlar bundan ko‘proq daromad oladi.

Bularning bari iqtisodiyot rivoji, yangi ishchi o‘rinlari, qo‘shimcha milliy daromadlar uchun ishlaydi. Bugun O‘zbekistonda turizm rivojiga strategik yo‘nalishlardan biri sifatida qaralmoqda. Iqtisodiyotimiz katta imkoniyatlarga ega. Jahon miqyosida ham YaIMning 10 foizini aynan turizmdan tushuvchi daromadlar tashkil qiladi. Bizning mamlakatlarimiz hozircha bunday ko‘rsatkichlardan yiroq. Shunday ekan, oldinda qilinadigan ishlar talaygina. Biz bu yo‘nalishda  birlashishimiz kerak - biz bu borada nafaqat qozog‘istonlik hamkasblarimiz bilan aloqalarni yangi bosqichga olib chiqdik, balki Qirg‘iziston va Tojikistonning turistik idoralari bilan ham munosabatlarni faollashtirdik.

Umuman olganda, bu yo‘nalishda rejalarimiz juda katta. O‘zbekiston Markaziy Osiyoning markazida joylashgan ekan, uning integrator bo‘lishi tabiiy. Qozog‘iston ham katta mamlakat sifatida bu g‘oyani qo‘llab-quvvatlashi juda muhim. Turizm - ikki mamlakat hamkorlik qiladigan yagona soha emas. Kuni kecha O‘zbekistondan katta delegatsiya tashrif buyurib, barcha sohalarda hamkorlik qilishga kelishib olindi.

- Raqamlashtirish asrida texnologiyalar turizm sohasini ham chetlab o‘tmaydi. Smart-turizm haqida nima deya olasiz?

Aziz Abduhakimov: Bugun sayyohlar ularga sifatli xizmat ko‘rsatilishiga o‘rganishgan. Ko‘p sayyohat qiladigan kishilar muayyan xizmatlar to‘plamiga ko‘nikkan bo‘ladi. O‘zbekistonda smart-turizm platformasi ustida faol ish olib bormoqdamiz. Unda turli IT-kompaniyalar tomonidan ko‘rsatiluvchi xizmatlar yagona platformaga birlashtirilgan. Bu nimani bildiradi? Sayyoh mazkur elektron servislardan biriga kirib, qolgan xizmatlardan ham foydalanish imkoniga ega bo‘ladi.

Masalan, UzbekistanPass katta diskont tizimida QR-kodlar yordamida barcha tarixiy obidalar haqida 12 tilda ma'lumot olish yoki biror restorandan joy buyurtma qilish imkonini taqdim etuvchi Stolik.uz xizmati, yo bo‘lmasa temir yo‘l hamda aviachiptalarga buyurtma berish, yoxud O‘zbekistonning u yoki bu maskanida bo‘layotgan madaniy va ko‘ngilochar tadbirlar haqida ma'lumotlar olish  xizmatlari va boshqalar.

Bu boradagi tajribamiz  qozog‘istonlik hamkasblarimizda katta qiziqish uyg‘otdi va biz bunday texnologiyalarni ular bilan birga rivojlantirishga kelishdik.

- Mamlakatlarimizdagi turizmning to‘laqonli  rivoji uchun nima xalaqit bermoqda?

Aziz Abduhakimov: O‘zbekistonda ham, Qozog‘istonda ham turizmni rivojlantirish uchun juda ko‘p ishlar qilinishi kerak. Buning uchun turistik idoralar harakat qilmoqda, o‘zaro tajriba almashmoqda. Birinchi muammolardan biri - biz yangi,  qiziq turistik mahsulotlar yaratishimiz kerak. faqat odatiy mahsulotlar bilan cheklanib qolmasdan, yangi yo‘nalishlarni rivojlantirishimiz kerak.

Bizda ko‘plab boshqa yo‘nalishlar ham bor. Bu - etnoturizm, ekoturizm, ekstremal turizm, tog‘ turizmi va boshqa rivojlantirish kerak bo‘lgan yo‘nalishlar. Hozir biz mehmon uylarini rivojlantirishga faol kirishdik. Bunga sabab - ko‘plab xorijiy sayyohlar mehmonxonalarga joylashsalar-da, bir kun oddiy o‘zbek oilasida yashash - ularning turmush tarzi, urf-odatlari bilan yaqindan tanishish, birgalikda milliy taomlarni tayyorlash, hunarmandlarning oldiga borib, qandaydir milliy suvenirlarni yasash jarayonida ishtirok etishga qiziqishadi.

Bugun turizmning rivojlanish tendensiyalari o‘zgargan. Ular nafaqat ko‘rkam tarixiy obidalarni ko‘rishni, balki mahalliy xalq hayotida ishtirok etish istagini ham bildirishmoqda. Bu yangi turistik mahsulotlarni rivojlantirish uchun turtki beradi.

Bugungi kunda, masalan, Yevropada mavzuiy parklar juda mashhur. Bunda sayyohga 500-600 yil avvalgi muhitga tushish imkoni taqdim etiladi. Masalan, ular uchun Amir Temur yoki Jaloliddin Manguberdi qo‘shini safida paydo bo‘lish, ya'ni o‘sha davr muhitini his qilish, unda ishtirok etish juda qiziq. Bu juda mashaqqatli, murakkab ishlarning amalga oshirilishini talab qiladi. Bu borada bizning mamlakatlarimiz bir-birini o‘zaro to‘ldirib turadi va biz hozir sayyohlarni jalb qilish bo‘yicha yagona siyosatni olib bormoqchimiz.

Bundan tashqari, intervyuda O‘zbekistonda prezident Shavkat Mirziyoyevning tegishli qarorlariga ko‘ra, muayyan davlat fuqarolariga nisbatan viza rejimining bekor qilingani va soddalashtirilgani qayd etib o‘tildi. Shuningdek bugungi kunda ikki mamlakatda mavjud muammolar - infratuzilmalar, mehmonxonalar qurilishi, sanitar-gigenik vaziyat, bepul internet tarmog‘iga ulanish, yo‘l ko‘rsatkichlari kabi muammolarga to‘xtalib o‘tildi.

Suhbat so‘nggida Aziz Abduhakimov Qozog‘iston ahlini Navro‘z bayramini nishonlash uchun O‘zbekistonga taklif qildi va bundan keyin ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar yanada mustahkamlanishiga ishonch bildirdi.

Mavzuga oid