16:30 / 22.03.2018
125630

Bemor qizning umidini o‘g‘irlagan yigitlar: bir jinoyat izidan

O‘g‘irlik dunyodagi eng qabih jinoyatdir. Negaki, o‘g‘ri o‘zganing mol-mulki yo rizqidan tashqari, jabrdiydaning ishonchini, hayotga qiziqishi va umidlarini ham olib ketadi.

KUN.UZ tahririyati tomonidan o‘tkazilayotgan xayriya aksiyalarida g‘ayriqonuniy harakatlarni amalga oshirmoqchi bo‘lgan shaxs ham ana shunday og‘ir jinoyatga qo‘l urdi.

Tahririyatga miya faoliyatidagi nuqsondan aziyat chekib, yaxshilar ko‘magiga muhtoj ekanini bildirgan Baxtiniso Mahmudova noodatiy firibgarlik qurboniga aylandi. Adabiyot va she'riyatga bo‘lgan muhabbati tufayli, Baxtiniso ko‘plab tanlovlarda g‘olib bo‘lgan. Mukofot pullarini ham misqollab yig‘ib, davolanishi, ya'ni yurolmay qolgan oyoqlarini operatsiyasiga to‘lash uchun to‘playotgandi. Garchi umid va istak yuksak bo‘lsada, Baxtiniso yaxshilar ko‘magiga muhtoj ekanini bildirib, xalqqa murojaat qildi.

Biroq 1990 yilda Farg‘ona viloyatida tug‘ilgan fuqaro A.D. xayriya aksiyasini ko‘rib, o‘zicha o‘g‘irlikning uslubini o‘ylab topgan bo‘ldi. U Baxtinisoning ishonchiga kirib, go‘yoki, bemorning bank plastik karta hisobiga xayriya pullarini o‘tkazmoqchi ekani, buning uchun plastik karta ulangan telefon raqamga maxfiy raqam yuborilganini aytadi. Barcha umidni mana shu xayriya aksiyasiga bog‘lagan qiz maxfiy raqamni A.D.ga bildiradi.

1990 yilda Farg‘ona viloyatida tug‘ilgan fuqaro A.D. 

Shundan so‘ng, Farg‘ona Geofizika ekspeditsiyasining 3D-partiyasi ishchisi A.D. maxfiy raqamni kiritish orqali «OSON» mobil ilovasi yordamida Mahmudovaga tegishli bank plastik kartasiga to‘liq egalik qilish imkoniyatini qo‘lga kiritdi. U hisob raqamda mavjud bo‘lgan 2,300,000 so‘m mablag‘ boshqa plastik kartaga o‘tkazib, pullarni internet orqali o‘ynaladigan qimorga sarflagan.

O‘ylab ko‘ring, o‘g‘ri pullarni o‘z ehtiyoji uchun sarflagan, deb mavzuga nuqta qo‘ymoqchi emasman: u nopok yo‘l bilan topilgan mablag‘ni totalizatorga tikib, yutqazib qo‘ygan.

«Mazkur ish yuzasidan Toshkent shahar Yunusobod tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan bo‘lib, unga nisbatan JK 168-moddasi 1 qismida nazarda tutilgan», deydi Yunusobod tuman IIB katta surishtiruvchisi Mirzohid Mo‘minov.

Yunusobod tuman IIB katta surishtiruvchisi Mirzohid Mo‘minov

Bundan tashqari, Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumani IIB Jinoyat-qidiruv bo‘linmasi tezkor vakili, kapitan Alisher Sohibovning ma'lum qilishicha, Baxtiniso Mahmudovaga nisbatan xuddi shu kabi firibgarlik boshqa shaxs tomonidan ham sodir etilgan.

«1996 yilda tug‘ilgan Buxoro viloyati, Qorovulbozor tumanida istiqomat qiluvchi S.I. fuqaro Mahmudovaning ishonchiga kirib, masofadan turib unga tegishli bo‘lgan bank plastik karta boshqaruvini qo‘lga kiritadi. Shu orqali karta hisob raqamidagi 70 ming so‘mni o‘zlashtiradi. Tezkor qidiruv harakatlari davomida gumondor shaxs bilan aloqa o‘rnatildi. Shuningdek, Mahmudovaga yetkazilgan moddiy zarar o‘z vaqtida qoplandi», - deydi tezkor vakil Sohibov.

O‘g‘rilik qilib, yosh yigitlar nimaga erishdi? Savolga javob berish ularning vijdoniga havola. Biroq, masalaning ikkinchi tomoni borki, kishini o‘ylantirib qo‘yadi: mobil banking ilovalari orqali bank plastik kartasidagi pullarni o‘marish shunchalar osonmi?

«Bizning tizimimiz xalqaro talablarga to‘liq javob beradi. Har bir to‘lov o‘ta yuqori xavfsizlik to‘siqlaridan o‘tib, amalga oshiriladi. Bu yerda faqat insoniy omil qolyapti, ya'ni plastik karta egasi boshqalarga kartani yoki ilova o‘rnatilgan uyali aloqa vositasini ochiq holatda, maxfiy raqamlarni aytib berib yuborishi mumkin», deb fikr bildirdi “Klik” kompaniyasi vakili Bobur Nazarzoda.

“Klik” kompaniyasi vakili Bobur Nazarzoda

Demak, mutaxassislar maxfiy raqam va plastik kartani notanish qo‘lga ochiq-oydin topshirmaslikni bildirmoqda. 

Paydo bo‘lgan qulaylik va sharoitlardan unumli foydalanish, turli firibgarlikka duch kelmaslik uchun, iqtisodiy madaniyatimizni rivojlantirishimiz zarur.

Youtube'da ko‘rish

Mover.uz'da ko‘rish

Mavzuga oid
Top