19:05 / 23.03.2018
7551

Bojxonachilar pochta jo‘natmalari orqali marixuana urug‘lari yuborilganini aniqlashdi

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi

Respublika bojxonachilari tomonidan xalqaro pochta va kurerlik jo‘natmalari orqali yuborilayotgan tovarlarni samarali bojxona nazoratidan o‘tkazishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Natijada, bu yo‘nalishda ham bir qator bojxona qoidabuzarliklari fosh qilinmoqda.

Ma'lumki, 2008 yil 12 avgustda Jyenevada imzolangan Xalqaro pochta Konventsiyaga hamda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida 2011 yil 18 aprelda 2219-son bilan ro‘yxatga olingan “Pochta aloqasi xizmatlarini ko‘rsatish” Qoidalariga asosan pochta jo‘natmalari orqali giyohvandlik vositalarini jo‘natilishi taqiqlangan.

Ammo, mazkur tartiblarga rioya qilmay pochta jo‘natmalari orqali bu turdagi mahsulotlarni yuborish holatlari ham ko‘zga tashlanmoqda.

Toshkent shahar bojxona boshqarmasi axborot xizmatining xabar berishicha, yaqinda Toshkent shahar bojxona boshqarmasining “Boshpochtampt” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti xodimlari tomonidan shu turdagi bojxona qoidabuzarliklarining oldi olindi.

Ta'kidlash joizki, so‘nggi paytlarda pochta jo‘natmalari orqali respublikamizga xorijiy davlatlardan marixuna o‘simligi ya'ni nashaning urug‘larini yuborish holatlari surunkali tus olgan.

Jumladan, Rossiya Federatsiyasidan pochta jo‘natmalari orqali Toshkent shahrida istiqomat qiluvchi fuqaro Fayzullayev nomiga 10 dona, Toshkent viloyati Nurafshon shahrida istiqomat qiluvchi fuqaro Raxmatullayev nomiga 2 dona, Andijon shahrida istiqomat qiluvchi fuqaro O‘rinboyev nomiga 5 dona marixuana urug‘lari yuborilgan.

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi

Shuningdek, Ukrainadan poytaxtida istiqomat qiluvchi fuqarolar Lesnichiy nomiga 5 dona hamda Isxoqov nomiga esa 8 dona nasha urug‘lari yuborilgan.

Xuddi shunday holat Belorussiyadan yuborilgan pochta jo‘natmalari orasida ham qayd etildi. Xususan, ushbu davlatdan Toshkent shahrida istiqomat qiluvchi fuqaro Nigmatov nomiga kelgan pochta jo‘natmasi orqali 8 dona marixuana urug‘lari yuborilgan.  
 
Toshkent shahar bojxona boshqarmasining Bojxona tekshiruvlari va surishtiruv bo‘limi tomonidan mazkur holatlar yuzasidan tegishli tekshiruv harakatlari olib borilib, ish materiallari yuritildi hamda qonuniy hal qilish uchun tegishli sud idorasiga yuborilgan.

Sud qarorlariga asosan bojxona organlari tomonidan vaqtincha olib qo‘yilgan marixuana o‘simligi urug‘lari endilikda tegishli tarzda yo‘q qilinadi.

Top