Sport | 22:49 / 25.03.2018
18687
4 daqiqa o‘qiladi

Hindistonda o‘tgan kurash bo‘yicha qit'a chempionatida O‘zbekiston termasi tengsiz bo‘ldi

Foto: KUN.UZ

Xalqimizning milliy asrlarga teng milliy qadriyati kurash bugun jahonga yuz tutdi. Indoneziyaning Jakarta shahrida o‘tadigan Osiyo o‘yinlari oldidan Hindistonning Puna shahri qit'a birinchiligini qabul qildi.

Musobaqalarda  O‘zbekiston terma jamoasi eng ko‘p - 21 kurashchi bilan ishtirok etdi. Qit'amizning 10 dan ortiq davlati kurashchilari ikkita gilamda bahsga kirishdilar. Osiyo o‘yinlari musobaqalarining vaznlar toifasiga mezbon mamlakat tashkiliy qo‘mitasining iltimosiga binoan erkaklar o‘rtasida yana bir vazn – 90 kg.dan og‘ir vazn toifasi kiritildi va bu ham bellashuvlarning yanada tomoshabop bo‘lishi uchun xizmat qildi.

Osiyo o‘yinlarining tantanali ochilish marosimi haqiqiy bayramga aylanib ketdi. Unda Kurash xalqaro assotsiatsiyasi, Osiyo-Okeaniya kurash konfederatsiyasi, mamlakatimizning Hindistondagi elchixonasi vakillari hamda boshqa martabali mehmonlar ishtirok etishdi. Qadim hind an'analarini o‘zida aks etgan raqslar, kuy va qo‘shiqlar sportchilarning kayfiyatini yanada ko‘tardi. O‘zbekistondan tashrif buyurgan “Havas” oilaviy ansamblining hind tilidagi qo‘shiqlari esa mahalliy muxlislarning e'tirofiga sazovor bo‘ldi.

 Bunga qadar terma jamoamiz a'zolarida ham ba'zi yo‘qotishlar bo‘lganini e'tirof etish kerak. Jumladan, ayollar o‘rtasida Oysuluv Abdumajidova hamda Kumush Yo‘ldosheva, erkaklardan esa Shermuhammad Jandreyev va Sarvar Shomurodovlardan omad yuz o‘girdi. Ular Osiyo o‘yinlarini medalsiz yakunlashga majbur bo‘lishdi. Kurashchilarimizning qolgan 16 nafari esa sovrindorlar qatoridan joy egalladi.

   Xususan, ayollar o‘rtasida 52 kg vazn toifasida Gulnor Sulaymonova finalgacha barcha raqiblarini mag‘lubiyatga uchratdi va oltin medal uchun kurashda Xitoy Taypeyilik Zi Ling Xongni halol bahosi bilan yengib chempionga aylandi.

   57 kg og‘irlikdagi polvon qizlar bellashuvlarida ham hamyurtimiz Amangul Allanazarovaga teng keladigan raqib topilmadi. U ham finalda taypeylik sportchidan ustun keldi.

   63 kg og‘irlikda chempionlik uchun hal qiluvchi bellashuvga terma jamoamizning ikki a'zosi – Muxlisa Abdumalikova hamda Dildor Shermetovalar yetib kelishdi. Bu gal omad Muxlisaga kulib boqdi.

   Erkaklar o‘rtasidagi bellashuvlarga keladigan bo‘lsak, 60 kg vazn toifasida Farid Amrullayev oltin, 66 kg og‘irlikda Ruslan Bo‘riyev oltin, Ma'ruf G‘aybullayev esa kumush medalga sazovor bo‘ldi. 100 kg vaznda Ilhom Jo‘rayevning chiqishlari ham muxlislarga katta zavq bag‘ishladi. Finalda u turkmanistonlik Xudoyberdi Jumayevni mag‘lub etib oltin medalga sazovor bo‘ldi.

 Osiyo o‘yinlari yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston terma jamoasi jami 10 oltin, 5 kumush va 1 bronza medali bilan birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Tashkilotchilar tomonidan ta'sis etilgan kuboklar esa O‘zbekiston ayolar va erkaklar termalariga topshirildi. Gulnoza Matniyozova esa Osiyo o‘yinlarining eng yaxshi ayol kurashchisi nominatsiyasida g‘olib deb topildi. Bu borada erkaklar o‘rtasida eronlik Zafar Pahlavonijagarh ham maxsus sovringa ega bo‘ldi.

 

Mavzuga oid