25 mart kuni Rossiyaning Kemerovo shahrida joylashgan «Zimnyaya vishnya» savdo markazida yirik yong‘in yuz berdi.

Yong‘in talafotlari soat sayin o‘sib bormoqda. Ayni vaqtga kelib, qurbonlar soni kamida 56 nafarga yetgan, o‘nlab kishilar bedarak yo‘qolgan, shifoxonaga olib borilgan 84 kishidan 12 nafari og‘ir ahvolda qolmoqda. Qurbonlarning aksari yosh bolalar bo‘ldi. Ularning aksari is gazidan bo‘g‘ilib jon bergan.

Hodisa oqibatida nafaqat odamlar, balki jonivorlar ham ofat qurboni bo‘ldi: savdo markazining uchinchi qavatidagi kichik hayvonot bog‘ida 200ga yaqin jonivor saqlangan.

Yong‘in 1,5 ming kv metr maydonni qamrab oldi. Hodisa joyida 300 nafardan ortiq o‘t o‘chiruvchi, 60dan ortiq texnika ish olib bordi, ayni paytda yong‘in chiqqan to‘rtinchi qavatda yong‘in o‘chirilib, qidiruv-qutqaruv ishlari boshlangan.

Fojia vaqtida viloyat gubernatori Aman Tuleyevning yaqin qarindoshi — yosh qizcha ham halok bo‘ldi.

Yong‘in qurbonlarining oilalariga 1 million rubldan tovon puli berilishini ma'lum qilar ekan, gubernator hodisa yuzasidan shaxsan o‘zi ham qayg‘uda ekanligini aytdi. 

«Afsuski, yaqin qarindoshim, yosh qizcha ham halok bo‘ldi», — dedi u.

Qurbonlarning oilalari bilan psixologlar, ijtimoiy ishchilar va shifokorlar ishlamoqda.

Hayot uchun kurash

Foto: TASS

Guvohlarning qayd etishicha, yong‘in boshlanganida binodan odamlarni evakuatsiya qilish juda yomon tashkil etilgan, xususan, signalizatsiya ishlamagan, kompleks xodimlari bu vaziyatda qanday harakat qilishni bilishmagan.

Yong‘in boshlangach, uchinchi va to‘rtinchi qavatlardagi kinozallar qulab tushgan va ichkaridagilarning chiqib ketishi imkonsiz ishga aylangan. Jasadlarning aksar qismi kinozallardan topilgan — bolalar va o‘smirlar, ular yong‘in zalga yopirilib, zalni qiynoqxonaga aylantirgunicha xushchaqchaqlik bilan multfilmlar va filmlar tomosha qilib o‘tirishgandi. Bu «Olovli kamera» tutuniga 3 daqiqadan ortiq dosh berib bo‘lmasdi. Savdo markaziga kattalarsiz kelgan bolalar bu vaziyatda umuman ilojsiz qolishgan va osongina nobud bo‘lishgan.