Jahon | 22:07 / 27.03.2018
7173
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyaning NATOdagi doimiy vakolatxonasi xodimlari soni kamaytiriladi 

Foto: Pool/Virginia Mayo

NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg bir qator davlatlardan rossiyalik diplomatlarning chiqarib yuborilishiga izoh berdi va alyans “Skripal ishi” bo‘yicha qanday chora ko‘rishi haqida so‘zlab berdi.

“NATO davlatlari orasida jadal maslahatlashuvlar o‘tkazildi. Bu maslahatlashuvlar NATO bo‘yicha 25 ittifoqdosh va hamkor davlatlar o‘z hududlaridan 140 nafar rossiyalik vakilni chiqarib yuborishiga olib keldi. Bu qat'iy va muvofiqlashtirilgan xalqaro munosabatdir”, deb aytgan Stoltenberg.

Shuningdek, Rossiyaning NATOdagi doimiy vakolatxonasi xodimlari 10 nafarga, ya'ni 20 nafargacha kamaytiriladi. 7 nafar diplomatning ma'qullangan akkreditatsiyasi qaytarib olinadi, 3 nafar diplomatga esa uni berish rad etiladi.

Shu bilan birga alyans Rossiya-NATO kengashi yig‘ilishiga tayyorgarlik ko‘rishni bekor qilmoqchi emas. Stoltenbergning aytishicha, amalga oshirilayotgan qadamlar alyansning Rossiyaga nisbatan siyosatini o‘zgartirmaydi. 

O‘z navbatida, Rossiya tashqi ishlar vazirligidagi manba NATOning bu qarori “alyans va Moskva o‘rtasidagi muloqot uchun imkoniyatni jiddiy kamaytirishini” aytgan. Manba “javob choralari albatta bo‘lishini” aytgan.

26 mart kuni AQSh, Kanada, Norvegiya, Ukraina, Albaniya, Makedoniya va Yevropa Ittifoqining 16 ta davlati o‘z hududlaridan rossiyalik diplomatlarni chiqarib yuborishini e'lon qilgan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid