O‘zbekiston | 17:07 / 28.03.2018
6668
3 daqiqa o‘qiladi

Xorijdagi fuqarolarni qutqarish operatsiyalari qanday o‘tkaziladi?

Foto: Norma.uz

Vazirlar Mahkamasining 18.03.2018 yildagi 206-son qarori bilan Xorijiy davlatlar hududida favqulodda vaziyatlar oqibatida jabrlangan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga yordam ko‘rsatish tartibi to‘g‘risida nizom tasdiqlandi.
 
Norma’ning yozishicha, hujjat bilan jabrlangan O‘zbekiston fuqarolariga yordam ko‘rsatish hamda ularni va halok bo‘lganlarni evakuatsiya qilish chora-tadbirlarini o‘tkazish tartibi belgilangan. Hujjatning amal qilishi xorijiy davlatlar hududida boshqa holatlarda jabrlangan O‘zbekiston fuqarolariga tatbiq etilmaydi, favqulodda vaziyatlar (bundan keyin – FV) bundan mustasno.
 
Bunda FV deganda odamlar qurbon bo‘lishiga, ularning sog‘lig‘iga zarar yetishiga hamda hayot faoliyati sharoiti izdan chiqishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan yoki olib kelgan avariya, halokat, xavfli tabiiy hodisa, tabiiy yoki boshqa ofat natijasida muayyan hududda yuzaga kelgan holat tushuniladi.
 
Qutqaruv operatsiyalari algoritmi
 
FVV, TIV, IIV OAV (televideniye, radio, internet, ijtimoiy tarmoqlar), jismoniy va yuridik shaxslar murojaati, chet mamlakatlarning vazirliklari va idoralari orqali xorijiy davlat hududida o‘zbekistonlik fuqarolar ishtirokida FV sodir bo‘lganligi to‘g‘risida ma'lumot oladi.
 
Ma'lumotlarga aniqlik kiritilib, konsullik muassasalari bilan axborot almashgandan keyin FVV, TIV, IIV, Mudofaa vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, shuningdek FV xususiyatiga qarab boshqa vazirlik va idoralar vakillaridan iborat maxsus guruh tarkibi shakllantiriladi. Guruhni FV hududiga yetkazish uchun uchish yoki temir yo‘l vositasi tayyorlanadi.
 
Joyga yetib kelgan zahoti quyidagi tadbirlar amalga oshiriladi:

• qutqaruv ishlari;
• jabrlanganlarga shoshilinch, ixtisoslashtirilgan tibbiy va psixologik yordam ko‘rsatish;
• tezkor qidiruv va tergov tadbirlarida ishtirok etish;
• jabrlangan va halok bo‘lganlarni O‘zbekistonga evakuatsiya qilishga tayyorgarlik ko‘rish va amalga oshirish;
• FV sabablari va sharoitlari to‘g‘risida axborotnoma tayyorlash.
 
Maxsus guruh O‘zbekistonga qaytib kelganidan so‘ng jabrlanganlarni tibbiyot muassasalariga, halok bo‘lganlarni ularning oila a'zolari istiqomat qilayotgan hududlarga yetkazish ishi tashkil etiladi. Jabrlanganlarni ijtimoiy-iqtisodiy va huquqiy muhofaza qilish, ularning tibbiy reabilitatsiyasi, halok bo‘lganlar va jabrlanganlarning oilalariga ijtimoiy yordam ko‘rsatish masalalarini hal etish hududiy hokimliklar zimmasiga topshiriladi.
 
Hujjat 26.03.2018 yildan kuchga kirdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid