12:49 / 30.03.2018
17920

Rossiya Davlat dumasi deputati mehnat migrantlarini «chiplashtirishni» taklif qildi

Foto: zauralonline.ru

Rossiya Davlat dumasining Sverdlovsk oblastidan deputati Maksim Ivanov «mehnat migrantlarini chiplashtirish»ni taklif qildi. Parlament a'zosining Facebook’da yozishicha, u Davlat dumasining fuqarolik jamiyatini rivojlantirish bo‘yicha qo‘mitasi yig‘ilishida tegishli tashabbus bilan chiqqan.

Keyinchalik u ma'lumotlarga ega elektron bilaguzuklarni nazarda tutganini aytgan. U Facebook'dagi izohlarda tanqidlar bildirilganidan so‘ng shunday aniqlik kiritdi.

Ivanovning bildirishicha, migrant haqidagi barcha kerakli ma'lumotlarni o‘z ichiga oladigan chipli bilaguzuk taqib yurish bo‘yicha majburiy amaliyot joriy qilinishini xohlamoqda. Shu tariqa, deputat «ushbu sohadagi nazorat samaradorligi oshishi»ga umid qilyapti.

«Bolalar, tinchlaninglar. 21-asrku hozir. Chiplashtirish – bu qo‘ldagi bilaguzuk bo‘lib, unda, xuddi masalan, fitnesdagi kabi elektron ma'lumot bo‘ladi. U yerda barcha ma'lumotlar mavjud bo‘ladi. Kim, qachon kirib keldi, kim taklif qildi. Qon guruhi, kasallik va hokazo. Hozir ularning yonida juda ko‘plab hujjatlar bo‘lishi kerak. Yo‘qotib qo‘yishsa – vaqtincha saqlab turadigan maxsus muassasa. Menimcha, bu juda yaxshi bo‘ladi. FMS tomonidan nazorat kuchayadi va muhojirlarga ham yanada qulay bo‘ladi», - deb yozgan u. 

Qayd etilishicha, 2013 yilda Rossiya Jamoatchilik palatasida ham migrantlarga elektron kuzatuv bilaguzuklarini taqish taklifi bildirilgan.

Mavzuga oid
Top