O‘zbekiston | 21:35 / 31.03.2018
6781
3 daqiqa o‘qiladi

2017 yilda obekt rahbarlari e'tiborsizligi tufayli turli majmualarda 139ta yong‘in holati sodir bo‘lgani aytildi

Foto: Uz24

31 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov raisligida o‘tkazilgan selektor yig‘ilishida o‘tgan yilda obekt rahbarlari e'tiborsizligi tufayli turli majmualarda 139ta yong‘in sodir bo‘lgani ma'lum qilindi. Yig‘ilish kun tartibida «Savdo-ko‘ngilochar va odamlar ko‘p to‘planadigan boshqa majmualarda yong‘in bilan bog‘liq va boshqa turdagi favqulodda vaziyatlarni oldini olish holati hamda belgilangan profilaktika tadbirlarini amalga oshirish bo‘yicha rahbar xodimlarning shaxsiy mas'uliyatini oshirish haqida»gi masala ko‘rildi, deb xabar beradi Kun.uz muxbiri.

Unda so‘z olgan IIV Yong‘in xavfsizligi bosh boshqarmasi boshlig‘i Sanjar Zufarov tahliliga ko‘ra, mamlakatda 2017 yil davomida, odamlar ko‘p to‘planadigan obektlarda 139ta yong‘inlar sodir bo‘lib, 1 nafar fuqaro halok bo‘lgani va 4 nafar kishi turli darajadagi kuyish tan jarohati olgani va katta miqdorda moddiy zarar ko‘rilgani haqida ma'lumot berdi.

«​Ushbu yong‘inlarning 45tasi ma'muriy binolarda, 16tasi supermarket va boshqa savdo majmualarida, 15tasi o‘quv muassasalarida, 23tasi bozorlarda qolgan 40dan ortiq yong‘inlar, temir yo‘l vokzallari, davolash muassasalari, sixatgohlar, mehmonxona va yotoqxonalarda sodir bo‘lgan. Yuqoridagi yong‘in holatlari asosan obekt rahbarlarining davlat yong‘in nazorati organlari tomonidan taqdim etilgan yozma ko‘rsatma talablarini o‘z vaqtida bartaraf etmasligi hamda yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya qilinmasligi tufayli kelib chiqqan.

Respublikadagi ijtimoiy soha obektlarining boshqaruv organlari tomonidan maqsadli mablag‘lar ajratilmasligi oqibatida davlat yong‘in nazorati organlarining yozma ko‘rsatmalaridagi yong‘inlarni oldini olishga qaratilgan tadbirlar bajarilmasdan qolmoqda»​​, deb ma'lumot berdi Sanjar Zufarov.

Mavzuga oid